Bugundan talabalar turar joyi uchun arizalar qabuli boshlandi
Bugun, 1 avgustdan boshlab O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joylariga joylashish uchun arizalar qabuli boshlandi.
Talabalar arizalarni my.gov.uz portali orqali yuborishlari mumkin. Qabul o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, avvalo imtiyoz va ustuvorlikka ega talabgorlar yotoqxonaga qabul qilinadi. Shundan so‘ng qolgan o‘rinlar umumiy navbat asosida taqsimlanadi. Bunda o‘rinlarning 55–65 foizi 1-kurs talabalari, 15–20 foizi 2-kurs talabalari, 20–25 foizigacha esa 3-kurs va undan yuqori bosqich talabalari uchun ajratiladi.
Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natijalar e’lon qilingandan keyin ariza topshirishlari mumkin bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, talabalar uchun yana bir qulaylik joriy etildi. Endilikda talabalar turar joyiga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari yagona kompozit xizmat orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Bunda ariza ma’qullangach, talabaga elektron shartnoma va yo‘llanma taqdim etiladi. Shartnomada ko‘rsatilgan to‘lov amalga oshirilgach, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lov avtomatik shakllantiriladi. Mazkur to‘lov ham amalga oshirilganidan so‘ng talabaning turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olingani haqidagi qayd varag‘i elektron shaklda taqdim etiladi.
Mutasaddilar eslatishicha, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish muddati to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab shartnomada belgilangan muddat davomida amal qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter