Fuqaro muhofazasi instituti qayta tashkil etiladi
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, sohadagi mavjud ta’lim muassasalari qayta tashkil etilib, yagona tizimga birlashtiriladi.
Qarorda belgilanishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti hamda Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi Akademiya huzuridagi yangi tuzilmalar sifatida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, Akademiya bazasida yagona ta’lim kampusi tashkil etilib, unda qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi va xorijiy kadrlar uchun maxsus fakultet ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga ko‘ra, Akademiyada ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bakalavriat yo‘nalishlarida harbiy ta’lim davlat granti asosida, fuqaroviy yo‘nalishlarda esa to‘lov-kontrakt shaklida amalga oshiriladi.
Magistratura bosqichida esa vazirlik va idoralar ehtiyojlari uchun harbiy va fuqaroviy mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Ta’lim shakllari kunduzgi, kechki va masofaviy ko‘rinishlarda tashkil etilishi belgilangan.
Shu bilan birga, 2027/2028-o‘quv yilidan tajriba-sinov tariqasida «2+2» ta’lim modeli joriy etiladi. Ushbu tizim nazariy bilim va amaliy tayyorgarlik uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter