AQSh va Eron dastlabki tinchlik kelishuviga erishdi
AQSh va Eron o‘rtasida dastlabki tinchlik kelishuvi bo‘yicha memorandum kelishib olindi. Uni 19 iyun kuni Shveysariyada imzolash rejalashtirilmoqda.
Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp hamda Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ma’lum qildi.
Tomonlar kelishuvi janglarni barcha frontlarda, jumladan Livanda ham to‘xtatishni, shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni nazarda tutadi.
Reuters agentligiga intervyu bergan eronlik rasmiyning aytishicha, memorandum Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni yumshatish, mamlakatning 25 milliard dollarlik muzlatilgan aktivlarini ozod qilish, yadroviy dasturni to‘xtatish hamda yuqori boyitilgan uran zaxiralarini suyultirish majburiyatini ham o‘z ichiga oladi.
Ma’lum qilinishicha, memorandum imzolangandan keyin AQSh va Eron yana 60 kun davomida eng bahsli masalalar, jumladan Eron yadroviy dasturining kelajagi va barcha sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettiradi. Shu muddatdan so‘ng yakuniy tinchlik kelishuvini imzolash rejalashtirilgan.
Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida kelishuv yakunlanganini ma’lum qilib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining bojsiz ochilishi va AQShning dengiz blokadasi bekor qilinishini tasdiqladi.
«Bu ulkan kelishuv butun mintaqaga tinchlik va xavfsizlik olib keladi. Ko‘plab prezidentlar Eron bilan tinchlik o‘rnatishga uringan, ammo muvaffaqiyat qozona olmagan. Endi esa mintaqa yetakchilari haqiqiy tinchlikka erishish imkoniyatiga ega bo‘ldi», – deb yozadi Tramp.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter