AQSh va Eron o‘rtasida 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklif qilindi
Qatar, Misr, Pokiston va boshqa mintaqaviy vositachilar AQSh hamda Eronga 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejasini taklif qildi. Tashabbus harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatib, muzokaralarni qayta tiklashga qaratilgan.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati ushbu taklifni o‘rganmoqda va Isroilni diplomatik muzokaralar imkoniyatini yo‘qqa chiqarishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirgan. Biroq Vashington muzokaralar samarasiz yakunlanishi ehtimolini ham hisobga olib, Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy kuchlar yuborishni davom ettirmoqda.
Nashrning yozishicha, Isroil armiyasi ham yuqori jangovar shaylik holatiga keltirilgan bo‘lib, mojaroni keng ko‘lamli harbiy kampaniyaga aylanishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ma’lumot uchun, 8-iyul kuni Donald Tramp Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga hujumlarini vaj qilib, avval amal qilgan o‘t ochishni to‘xtatish tartibi bekor qilinganini e’lon qilgan edi. Shundan keyin AQSh Eron hududiga zarbalar bermoqda, Tehron esa Yaqin Sharqdagi Amerika obyektlariga javob hujumlarini amalga oshirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter