Eron: Ukraina hujumi javobsiz qolmaydi
Eron parlamenti Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi raisi Ibrohim Aziziy Kaspiy dengizida Eronning savdo kemasiga qilingan ehtimoliy hujumga munosabat bildirib, Tehron bu harakatni javobsiz qoldirmasligini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, «Eronga qarshi har qanday hujumning o‘z bahosi bor va bu qoida bugun ham o‘z kuchini saqlab qolmoqda». Aziziyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Isroil buni yaxshi biladi, «Ukraina ham yaqin orada Eron hech bir harakatni javobsiz qoldirmasligini tushunib yetadi».
Bundan avval Eron Tashqi ishlar vazirligi Ukraina Kaspiy dengizidagi Eronning savdo kemasiga zarba berganini iddao qilgan edi. Tehron ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida ekipajning bir a’zosi halok bo‘lgan, yana biri jarohatlangan. Eron ushbu voqeani xalqaro huquq normalari buzilishi sifatida baholab, Ukraina muvaqqat ishonchli vakilini TIVga chaqirgan.
Kiyev esa bu ayblovlarga rasman izoh bermagan. Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 25 iyul kuni Kaspiy dengizida Eron va Rossiya o‘rtasida harbiy yuk tashishda foydalanilgan kemalar hamda bir harbiy kemaga uzoq masofali zarbalar berilganini ma’lum qilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter