Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Kongressga kiritildi

Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Kongressga kiritildi

Foto: ChatGPT

Respublikachi Rendi Fayn AQSh Kongressiga Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritdi.

«Bugun kongressmen Fayn (Floridaning 6-okrugidan) Grenlandiyani anneksiya qilish va unga shtat maqomini berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi», deyiladi u tarqatgan bayonotda.

Faynga ko‘ra, bu hududga bo‘lgan ehtiyoj tashqi tahdid sharoitida Vashingtonning Arktikadagi manfaatlarini ta’minlash bilan oqlanadi: Rossiya va Xitoy u yerda o‘z ishtirokini «tajovuzkorona kengaytirmoqda».

«Grenlandiya kimning nazoratida bo‘lsa, o‘sha Arktika dengiz yo‘llarini va AQShni himoya qiluvchi xavfsizlik arxitekturasini nazorat qiladi. Amerika bu kelajakni qadriyatlarimizdan nafratlanadigan va xavfsizligimizni shubha ostiga qo‘ymoqchi bo‘lgan rejimlar qo‘lida qoldira olmaydi», deyiladi Faynning bayonotida.

Tegishli qonun qabul qilingan taqdirda, Donald Trampga orolni anneksiya qilish yoki sotib olish uchun zarur deb hisoblagan har qanday harakatlarni amalga oshirish imkonini beradi. Qonun talabiga ko‘ra, Amerika yetakchisi buning uchun zarur bo‘lgan tuzatishlar haqida kongressga hisobot taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Grenlandiya hududi 2 166 000 kvadrat kilometr. Agar AQShning 51-shtatiga aylansa, hududi eng katta shtatga aylanadi. Solishtirish uchun: AQShning hududi eng katta Alyaska shtati maydoni 1 723 000 kvadrat kilometr.

Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibiga kiradi. 1953-yilgacha Daniyaning mustamlakasi bo‘lgan, 2009-yilda o‘zini o‘zi boshqarish va ichki siyosatni belgilash imkoniyati bilan muxtoriyat huquqini olgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring