Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun to‘lov joriy etilishi mumkin
Ummon hukumati Yevropa davlatlarini kelajakda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovi uchun to‘lov joriy qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Bloomberg agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Ummon rasmiylari AQShning Eronga qarshi harbiy amaliyotlaridan keyin mintaqadagi vaziyat o‘zgarganini va avvalgi tartibni to‘liq tiklash imkoni yo‘qligini bildirgan.
Shu bilan birga, Ummon xalqaro dengiz huquqiga rioya qilishda davom etishini ma’lum qilgan. Ehtimoliy to‘lovlar kemalarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi uchun emas, balki navigatsiya xizmati, dengiz xavfsizligini ta’minlash va ifloslanishni bartaraf etish kabi xizmatlar uchun joriy etilishi mumkin.
Hozircha ushbu to‘lovlar majburiy bo‘ladimi yoki yo‘q, bu masalaga aniqlik kiritilmagan.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Ummon boshqa strategik dengiz yo‘laklarida qo‘llanilayotgan amaliyotni o‘rganmoqda. Xususan, Osiyodagi Malakka bo‘g‘ozida kemalardan muayyan xizmatlar uchun yig‘imlar undiriladi.
Avvalroq Ummon Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) bilan hamkorlikda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati uchun vaqtinchalik dengiz yo‘lagini ochgan edi. Rasmiylarga ko‘ra, ushbu yo‘lakdan foydalanish uchun hozircha hech qanday boj yoki to‘lov undirilmaydi.
Eron ham avvalroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishning o‘zi uchun haq olish niyati yo‘qligini, ammo dengiz xavfsizligi, ekologik muhofaza va kema qatnovini boshqarish bilan bog‘liq operatsiya xarajatlari kelajakda to‘lanishi mumkinligini bildirgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter