Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil armiyasida askarlarning o‘z joniga qasd qilishi keskin ko‘paydi

Isroil armiyasida askarlarning o‘z joniga qasd qilishi keskin ko‘paydi

Foto: AFP

G‘azo sektoridagi urushdan keyin Isroil armiyasi harbiy xizmatchilari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari keskin darajada ortdi.

Isroilning Haaretz gazetasi yozishicha, joriy yil boshidan buyon kamida 10 nafar harbiy xizmatchi (shunday olti nafari aprel oyida) o‘z joniga qasd qilgan. Urushga zaxiradan jalb etilgan uch nafar sobiq askar ham aprel oyida ixtiyoriy ravishda hayot bilan vidolashgan. Aprel oyida yana ikki nafar chegaraga jalb etilgan politsiya xodimi o‘z joniga qasd etgan.

2023-yil oktyabr oyiga qadar, ya’ni G‘azo urushi boshlanguncha Isroil armiyasi harbiylari orasida har yili o‘rtacha 12 ta o‘z joniga qasd qilish holati kuzatilgan. Bu ko‘rsatkich yil sayin oshmoqda: 2023-yilda – 17 ta, 2024 – 21 ta, 2025-yilda – 22 ta.

Joriy o‘sish ko‘rsatkichi so‘nggi 15 yildagi eng yuqori raqam ekani aytilmoqda.

Suitsidlar soni oshib borayotgani G‘azo urushi oqibatlari, harbiy xizmatchilarning ruhiy yuki va mudofaa vazirligi tomonidan harbiylarga psixologik ko‘mak qisqargani bilan izohlangan.

Avvalroq The Times of Israel gazetasi ham G‘azo urushi boshlanganidan keyin yahudiy davlati askarlari orasida o‘z joniga qasd qilish “epidemiya”si kuchaygani haqida xabar bergandi.

Isroil armiyasi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, G‘azo sektorida qonli urush boshlangandan buyon isroillik minglab askar ruhiy beqarorlik sabab jang maydonini tark etgan.

O‘tgan yili Isroil armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamir armiyada ruhiy salomatlik holati yomonlashganini tan olgan va minglab askarlar ruhiy muolaja olayotganini aytgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, G‘azo urushida jarohatlangan 10 mingga yaqin askar ruhiy beqarorlikdan aziyat chekmoqda va maxsus davolash kursini o‘tamoqda.

Mudofaa vazirligi ichki tekshiruvida askarlarning o‘z joniga qasd qilishi urushda olingan ruhiy jarohat, dahshatli sahnalarni ko‘rish hamda do‘stlarni yo‘qotish oqibati deb baholangan.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan keyin 72550 dan ziyod falastinlik o‘ldirildi. Ularning asosiy qismi begunoh bolalar, ayollar hamda qariyalardir.

Jumladan, BMT hisob-kitobiga ko‘ra, 2023 yil oktyabrdan 2025 yil dekabrga qadar bo‘lgan muddatda Isroil harbiylarining hujumi oqibatida g‘azolik 38 mingdan ziyod xotin-qizlar halok bo‘lgan

Ikki o‘rtada sulh bitimi imzolangan 2025 yil 10 oktyabrdan keyin ham 780 ga yaqin falastinlik o‘ldirildi.

G‘azo sektoridagi 90 foiz binolar – turarjoylar, shifoxonalar, maktablar, masjidlar yer bilan yakson etildi.

Hali-hamon qamal ostida yashayotgan G‘azo sektoridagi 2,3 million aholi hayotiga bombalardan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solmoqda.

2025-yil sentyabr oyida xalqaro komissiya Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring