Jahonda milliarderlar soni rekord darajada o‘sdi: sabablar
Altrata xususiy sarmoya tadqiqot firmasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab dollar milliarderlari soni 2025-yilda 8,2 foizga oshib, rekord darajadagi 3795 taga yetdi.
Bu o‘sish sur’ati so‘nggi besh yil ichidagi eng tez bo‘lib, holatga sun’iy intellekt ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Kompaniya hisobotiga ko‘ra, dunyo milliarderlarining umumiy boyligi 12,8 foizga o‘sib, rekord darajadagi 15,1 trillion dollarga yetdi.
Hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 29 ta o‘ta boy shaxs (sof boyligi 50 milliard dollardan ortiq) mavjud. Ularning umumiy boyligi taxminan 4,1 trillion dollarni yoki barcha milliarderlar boyligining 27 foizini tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, 2017-yilda atigi 10 ta o‘ta boy shaxs bor edi, bu dunyo milliarderlarining umumiy boyligining 7,2 foizini tashkil etdi.
Altrata tadqiqot va tahlil bo‘limi rahbari Mayya Imbergning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt "bum"i milliarderlar boyligidagi tafovutning kengayishiga hissa qo‘shdi. Texnologiya aksiyalarining o‘sishi rekord darajadagi boyliklarga olib kelgan bo‘lsa-da, sun’iy intellekt aksiyalari bilan bog‘liq boylik dinamikasi juda o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin, deb ogohlantiradi u.
Shimoliy Amerikadagi milliarderlar soni 2025-yilda 11,6 foizga o‘sib, boshqa mintaqalarga qaraganda tezroq 1337 taga yetdi. Yevropada bu raqam 7,9 foizga o‘sib, 1081 taga, Osiyoda esa 6,5 foizga o‘sib, 881 taga yetdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter