Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Japarov Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi

Japarov Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi

Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov Prezident Shavkat Mirziyoyevni YuNESKOning 43-sessiyasi Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

«Qirg‘iz xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Sizni hamda O‘zbekistonning bir tug‘ishgan xalqi – barchangizni YuNESKOning 43-sessiyasi boshlangani bilan chin dildan tabriklayman.

Bu – nafaqat Markaziy Osiyo uchun, balki butun dunyo uchun muhim va tarixiy ahamiyatga ega voqeadir. YuNESKOning Parijdagi shtab-kvartirasidan tashqarida o‘tkazilayotgan bu konferensiya 40 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor amalga oshirilmoqda. Bu esa O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzi va obro‘sining juda yuqori ekanini, shu bilan birga Markaziy Osiyo mintaqasining dunyo miqyosidagi madaniy, ma’naviy va gumanitar hamkorlik markazi sifatida tobora ortib borayotgan ahamiyatini yaqqol namoyon etadi», – deb yozadi Japarov.

Qo‘shni davlat yetakchisi, shuningdek, bunday nufuzli anjumanning ilm-fan, ma’rifat va ma’naviyat beshigi sanalgan qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazilishi konferensiyaga alohida ramziy ma’no bag‘ishlaganini, bu esa O‘zbekistonning turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ko‘prik va tinchlik, o‘zaro tushunish hamda yaratish g‘oyalarining markazi sifatidagi o‘rnini yana bir bor tasdiqlashini ta’kidlaydi.

«Ishonchim komilki, konferensiya doirasida ilgari suriladigan qaror va tashabbuslar ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochadi, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga va mintaqamizning ravnaq topishiga xizmat qiladi.

Bir tug‘ishgan o‘zbek xalqiga ushbu yirik va muhim tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazishda, samarali muhokamalar, konstruktiv qarorlar va ilhomlantiruvchi natijalar tilayman», – deydi o‘z tabrigida Japarov. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring