Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lukashenkoga qarshi jinoyat ishi ochilishi mumkin

Lukashenkoga qarshi jinoyat ishi ochilishi mumkin

Foto: Focus.ua

Ukraina bosh prokuraturasi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi jinoyat ishi ochishi mumkin. «Ukrinform» agentligi xabar berishicha, bu borada Ukraina prezidenti devonidan bosh prokuraturaga so‘rov yo‘llangan.  

Bosh prokuratura matbuot kotibi Maryana Gayevskaya-Kovbasyuk mazkur so‘rov ayni paytda ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.  

Xabarlarga qaraganda, Belarus muxolifati vakillari, jumladan, «Demokratik kuchlar forumi» Zelenskiy idorasiga Lukashenkoga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atish tashabbusi bilan murojaat qilgan. Belarus prezidenti lavozimiga sobiq nomzod Valeriy Sepkalo ham a’zo bo‘lgan forum Lukashenkoning Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini qo‘llab-quvvatlashdagi roli va rus qo‘shini bostirib kirishi uchun Belarus hududidan foydalanilgani munosabati bilan uning harakatlariga huquqiy baho berishni so‘ragan.

Ukraina hukumati Belarusni Rossiyaning bosqinchilik urushiga ko‘mak berishda ayblab keladi. Jumladan, joriy yil fevral oyida Zelenskiy “ukrainaliklarni o‘ldirishga ko‘mak bergani” sabab Lukashenkoga qarshi sanksiya joriy etdi.

Zelenskiyning fikricha, Lukashenko shaxsiy hokimiyatini mustahkamlash uchun Belarus suverenitetini sotmoqda va Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam bermoqda.

Ukraina tomoniga ko‘ra, Belarusdagi 3000 dan ziyod korxona Rossiyaga raketa ishlab chiqarish uchun ehtiyot qismlarni yetkazib bermoqda. Belarus, shuningdek, o‘z hududida «Oreshnik» ballistik raketalarini joylashtirgan. 2025-yildan Belarus korxonalari Rossiyani ushbu qurol uchun zaruriy komponentlar bilan ta’minlamoqda

Joriy yil iyun oyida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko uning mamlakati Ukrainaga tahdid tug‘dirmasligini aytgan va uzrxohlik ruhida bayonot bergan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Lukashenko bir necha yildan buyon Ukrainani harbiy harakatlarni to‘xtatishga chorlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring