Putin: «Amerika tomoni hujjatni Moskva bilan muhokama qilmagan»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya Xavfsizlik kengashi majlisida AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati taklif etgan Ukraina bo‘yicha «28 banddan iborat» tinchlik rejasi haqida bayonot berdi. Unga ko‘ra, ushbu hujjat Rossiya–Ukraina o‘rtasidagi mojaroni hal qilish uchun asos sifatida qaralishi mumkin, biroq Amerika tomoni hujjatni Moskva bilan muhokama qilmagan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada mazkur tinchlik rejasining matni mavjud va Kreml uni Amerika ma’muriyati bilan mavjud kanallar orqali qo‘lga kiritgan.
«AQSh rejasi Ukraina tomonidan rad etilgani uchun uni biz bilan muhokama qilishmadi. Menimcha, Vashington Ukraina roziligini ololmayotgani sababli Rossiya bilan bu borada muloqotga shoshilmayapti», – dedi Putin.
Putinning aytishicha, Ukraina va Yevropadagi ba’zi siyosiy doiralar hali ham «Rossiyani maydonda mag‘lub etish mumkin» degan fikrlar ta’sirida qolgan.
«Menimcha, bu pozitsiyaning asosida yetarlicha professional bilim va tushuncha yo‘qligidan ko‘ra ko‘proq – real vaziyat haqidagi ob’yektiv axborotning yo‘qligi yotadi», – dedi Rossiya prezidenti.
Putinga ko‘ra, AQShning ilk taklifi Ukraina tomonidan qabul qilinmagani uchun Tramp ma’muriyati hujjatning «yangi, modernizatsiya qilingan» – 28 banddan iborat versiyasini taklif qilgan.
«Bu ham tinchlikka erishishning asosiy platformasi bo‘lishi mumkin. Lekin hozircha bizning ishtirokimizda muhokama qilingani yo‘q», – dedi u.
Putin o‘z chiqishida Rossiya tinchlikka tayyorligini yana bir bor qayd etdi, biroq tinchlik shartlari Rossiya manfaatlariga va xavfsizlik tamoyillariga mos bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
U, shuningdek Ukraina ma’muriyatini hamkorlikdan bosh tortyapti, deb tanqid qildi.
«Ukraina hamon hayoliy orzuda: Rossiyani maydonda mag‘lub etish mumkin deb o‘ylamoqda. Bu – real vaziyatdan uzoq», – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil noyabr oyida Tramp ma’muriyati Ukraina–Rossiya mojarosini to‘xtatish uchun 28 banddan iborat yangi tinchlik dasturini ishlab chiqdi. AQSh tomoni Zelenskiydan ushbu hujjatga javobni 27 noyabrga qadar kutayotganini ma’lum qildi. Kiyev hozircha bu taklifni qabul qilishga shoshilmayapti, chunki unda Rossiyaga bir qator geosiyosiy imtiyozlar berilgani tanqid qilinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter