Reuters: Rossiyaning neft va gazdan daromadi uchdan bir qismga kamaydi
Rossiya budjetiga neft va gaz eksportidan tushadigan mablag‘lar keskin qisqardi. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil noyabr oyida Kremlning energiya resurslaridan olgan daromadi taxminan 35 foizga pasayib, 520 milliard rubl (qariyb 5,7 milliard yevro)ni tashkil etdi. Bu – so‘nggi bir necha oydagi eng past ko‘rsatkichlardan biri.
Agentlikning ta’kidlashicha, noyabrda daromadning keskin kamayishiga rublning mustahkamlanishi va energoresurslar narxining jahon bozorida tushishi sabab bo‘lgan. Bu ikki tendensiya esa Rossiya budjetiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ukraina bilan urush fonida mamlakat armiya va qudrat tuzilmalariga xarajatlar keskin oshirilgan. Ushbu sohalar asosan energiya eksporti hisobidan moliyalashtirilib kelinadi. Hozirda neft va gazdan tushadigan daromadlar Rossiya budjeti umumiy tushumlarining taxminan chorak qismini tashkil etmoqda.
Reuters agentligining hisob-kitobiga ko‘ra, 2025-yil yanvar–noyabr oylarida Rossiya energiya sektoridan 8 trln rubl daromad olgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga kam (2024-yilda – 11,13 trln rubl). Shuningdek, bu ko‘rsatkich RF Moliya vazirligi rejasidan ham past: 2025-yil uchun 10,94 trln rubl daromad rejalashtirilgan edi.
11 oylik davrda Rossiya neftining o‘rtacha eksporti bahosi 57,3 dollar/barrel bo‘lgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 11 dollarga arzon.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter