Tramp qo‘lga olingan tankerdagi ikki rossiyalikni ozod etishga qaror qildi
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya tomonining murojaatiga javoban AQSh tomonidan ushlab qolingan tanker ekipajidagi ikki nafar Rossiya fuqarosini ozod etishga qaror qilgan. Rossiya TIV bu qaror uchun AQSh prezidentiga minnatdorlik bildirgan.
Ayni paytda AQSh rasmiylari mazkur qaror yuzasidan izoh bermagan.
7 yanvar kuni AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati «Bella 1» (ilgari «Marinera») nomli tankerni qo‘lga olgan edi. Vashington ma’lumotiga ko‘ra, kema sanksiya ostidagi neft tashigan. Tanker avval Panama bayrog‘i ostida suzgan, keyinchalik Rossiya bayrog‘iga o‘tgan.
Kema ekipaji 28 nafardan iborat bo‘lib, ular orasida 17 nafar Ukraina, 6 nafar Gruziya, 3 nafar Hindiston va 2 nafar Rossiya fuqarosi bor.
Avvalroq, Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida tankerni ushlash vaqtida Rossiya tomonidan yuborilgan suvosti kemasi va esminets AQSh kuchlari yetib kelgach, hududni tezda tark etganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tanker AQSh nazoratiga olingan va hozirda undagi neft tushirib olinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter