Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegara o‘tkazish punktlarida maxsus operatsiya: 27 nafar xodim qo‘lga olingan

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegara o‘tkazish punktlarida maxsus operatsiya: 27 nafar xodim qo‘lga olingan

Qirg‘izistonning Botken viloyatida joylashgan «Qadamjoy-avtoyo‘l» va «Chashma-avtoyo‘l» chegara o‘tkazish punktlarida o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilingan 27 nafar shaxs ushlandi.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 5-iyul kuni kechqurun Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi (DMXQ)ning Botken viloyati boshqarmasi xodimlari hamda «Alfa» maxsus bo‘linmasi chegara xizmati, bojxona va veterinariya xizmati xodimlarini qo‘lga olgan.

Manbalarning bildirishicha, operatsiya vaqtida «Qadamjay-avtoyo‘l» o‘tkazish punktida navbatchilik qilayotgan harbiy to‘rt marta o‘q uzgan. Shuningdek, yana bir harbiy xizmatchi havoga ogohlantiruvchi o‘q uzgani aytilmoqda. Hozirda qurol ishlatish holati va uning qonuniyligi o‘rganilmoqda.

Tintuvlar davomida chegara xizmati xodimlaridan 38,5 ming qirg‘iz somi, 5 million 484 ming o‘zbek so‘mi, shuningdek xizmat avtomobilidan yana 200 ming o‘zbek so‘mi topilgan. Bojxona xodimlaridan esa 100 ming som va AQSh dollaridagi naqd mablag‘lar musodara qilingan. Ularning aniq miqdoriga oydinlik kiritilmoqda.

Shuningdek, «Chashma-avtoyo‘l» o‘tkazish punktining ikki nafar xodimi videokuzatuv kameralarida noqonuniy ravishda pul olgani aks etgani aytilmoqda.

Jami 27 nafar harbiy xizmatchi va mas’ul xodim tergov uchun Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasiga olib ketilgan. Shuningdek, ikki dona AK-74 avtomati, ikki o‘qdon va 60 dona o‘q-dori musodara qilingan.

Tergov harakatlari vaqtida ikki o‘tkazish punkti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Bu esa chegarada taxminan 3 ming nafar yo‘lovchi va 400 ta avtomobil to‘planishiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik «Qadamjoy-avtoyo‘l» o‘tkazish punkti orqali harakat qayta tiklangan.

Ayni paytda Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi ushbu maxsus operatsiya yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring