Tojikiston TIV 4-sinf o‘quvchisining o‘limi ortidan rus elchisiga rasmiy nota topshirdi
Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigoriyev Moskva yaqinidagi maktabda to‘rtinchi sinf o‘quvchisi Qobiljon Aliyevning o‘ldirilishi munosabati bilan mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida rus elchisiga «Rossiya tomonidan ushbu fojiali hodisa bo‘yicha zudlik bilan, ob’yektiv va xolis tergov o‘tkazish va barcha ishtirokchilarni qonun doirasida javobgarlikka tortish talabi» qo‘yilgan nota topshirilgani aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston fuqarosi, 10 yoshli Qobiljon Aliyev 16-dekabr kuni Moskva viloyati Odinsovskiy shahar okrugidagi maktabda shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi Timofey K. tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan. Timofey o‘z harakatlarini videoga olib, shaxsiy Telegram kanaliga joylashtirgan. Xususan, bolalarga hujum qilishdan oldin u ulardan fuqaroligini so‘ragan.
Moskva viloyati Tergov qo‘mitasi hozirda qotil qo‘lga olingani va holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini xabar qildi.
Manbalarning yozishicha, qotil bir necha kun davomida hujumga tayyorgarlik ko‘rgan. Bu vaqt ichida u 11 sahifali «Mening g‘azabim» nomli manifest yozgan va uni sinfdoshlariga yuborgan.
Matnda u jamiyatga bo‘lgan nafrati, odamlarni millati va diniga qarab ajratishi haqida yozgan. Uni bilganlar dastlab bu nimani anglatishini tushunmaganliklarini aytishadi.
Kadrlarda Timofey hojatxonada kiyimlarini almashtirib, keyin sakkiz daqiqa davomida yo‘laklarda aylanib yurib, o‘qituvchilar bilan gaplashayotgani ko‘rsatilgan. U sinflarga kirib, o‘quvchilar va o‘qituvchilar bilan gaplashgan va aniq bir o‘qituvchini qidirgan.
U, shuningdek yana uch kishini jarohatlagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter