Tramp: qurolsizlanish bo‘yicha HAMAS bilan kelishuvga erishildi
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zi tuzgan Tinchlik kengashi «tarixiy kelishuv»ga erishganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, kelishuv HAMAS hamda G‘azo sektoridagi boshqa guruhlarni to‘liq qurolsizlantirishni nazarda tutadi.
Tramp bu kelishuv G‘azo sektorida yangi Falastin hukumatini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hukumat Falastin xalqiga yordam ko‘rsatish masalasida Tinchlik kengashi bilan yaqin hamkorlik qiladi.
HAMAS vakili G‘ozi Hamad Al Jazeera telekanaliga bergan izohida qurolsizlanish uchun Isroil qo‘shinlari G‘azo sektorini tark etishi kerakligini bildirdi.
Reuters suhbatlashgan amerikalik rasmiyning aytishicha, Isroil HAMASning qurolsizlanishi mumkinligi haqidagi bayonotga katta shubha bilan qaramoqda.
Isroillik rasmiy esa Trampning bayonotidan oldin agentlikka bergan izohida mamlakatning talablarini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, HAMAS to‘liq qurolsizlanishi, qurollar G‘azo sektoridan olib chiqilishi va hudud butunlay demilitarizatsiya qilinishi kerak.
Isroil tomoni bu shartlar bajarilishini keyingi har qanday jarayonni boshlash uchun dastlabki talab deb hisoblamoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter