Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarga doir qonunni imzolashga tayyor, faqat...
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi bo‘yicha qonun loyihasini imzolashga tayyor. Biroq bu faqatgina Trampning sanksiyalar bo‘yicha oxirgi qaror qabul qilish huquqi saqlanib qolingandagina amalga oshishi mumkin.
Bu haqda Reuters agentligi Oq uy vakiliga tayanib xabar bermoqda.
Oq uy rasmiysi ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati uchun har qanday sanksiyalar kelishuvida prezidentning yakuniy qaror qabul qilish vakolatini kafolatlovchi band juda muhim hisoblanadi.
«Agar sanksiyalar paketida prezidentning yakuniy qaror qabul qilish huquqini kafolatlovchi band mavjud bo‘lsa, Prezident qonunni imzolash imkonini ko‘rib chiqadi», – dedi Oq uy vakili.
Rasmiy bu borada qo‘shimcha ma’lumotlarni keltirmagan.
Oq uy vakilining ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati Rossiya bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. AQSh rasmiylari urushni diplomatik yo‘l bilan yakuniy bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini o‘rganyapti.
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar bo‘yicha ikki partiyali qonun loyihasi 2025 yil bahorida taqdim etilgan edi. Uning mualliflari – senator-respublikachi Lindsi Grem va senator-demokrat Richard Blyumental.
Loyiha quyidagilarni nazarda tutadi:
- Rossiya neft va gazini sotib oladigan mamlakatlardan AQShga import qilinadigan tovarlarga 500 foizlik boj joriy etish – ya’ni «ikkinchi darajali sanksiyalar»;
- Rossiyaning energetika eksportiga bosimni kuchaytirish va uning daromad manbalarini cheklash;
- Kremlning Ukrainadagi urushni davom ettirish imkoniyatlarini qisqartish.
Ushbu paket Vashingtondagi eng qat’iy sanksiya takliflaridan biri sifatida baholanmoqda.
Shu tariqa Trampning mazkur qonunni imzolashga roziligi uning siyosiy vakolatlarini saqlash shartiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Kongressdagi ikki partiyali qo‘llab-quvvatlovga qaramay, sanksiyalar loyihasining taqdiri hozircha Oq uyning ichki muzokaralariga bog‘liq holda qolmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter