Tramp Saudiya Arabistoni bilan yadroviy kelishuvni ma’qulladi
AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga fuqaroviy yadroviy dasturni rivojlantirish imkonini beradigan hamda ehtimol uran boyitish faoliyatiga yo‘l ochadigan yangi kelishuvni ma’qullagani iddao qilinmoqda.
The Wall Street Journal (WSJ) nashri ismi oshkor etilmagan AQSh rasmiylariga tayanib xabar berishicha, mazkur kelishuv Tramp tomonidan tasdiqlangan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 30 yillik ushbu kelishuvning qiymati o‘nlab milliard dollar bo‘lishi kutilmoqda. Hujjat Saudiya Arabistoniga fuqaroviy yadroviy dasturni rivojlantirish imkoniyatini yaratishi va ehtimol uran boyitish ishlarini amalga oshirishga zamin tayyorlashi mumkin.
Xabarda ta’kidlanishicha, kelishuv doirasida Saudiya Arabistonining yadroviy infratuzilmasini rivojlantirishda AQSh kompaniyalariga asosiy o‘rin berilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, AQSh va Saudiya Arabistonining qo‘shma baholashi natijasida zarur deb topilsa, amerikalik kompaniyalarga Saudiya hududida uran boyitish inshootlarini qurish huquqini berish ham kelishuvga kiritilgani aytilmoqda.
WSJ ta’kidlashicha, mazkur shart AQShga Saudiya Arabistonining yadroviy dasturi ustidan muayyan darajada ta’sir o‘tkazish imkonini beradi. Tramp ma’muriyati rasmiylarining fikricha, bu mexanizm yadroviy dasturning harbiy maqsadlarda qo‘llanilishining oldini olishga xizmat qiladi. Nashrning yozishicha, ushbu kelishuv yaqin kunlarda AQSh Kongressi muhokamasiga kiritilishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter