Vetnam mo‘’jizasi Dalat: “Fil” qahvasi, pop-korn hidli hayvon, Fransiyani eslatadigan ko‘chalar...
Vetnamning Nyachang shahrida bir necha orollar bor. Har biri menda o‘ziga yarasha taassurot qoldirgan, tabiati, yashilligi, ob-havosi bilan. Dalat shaharchasiga otlanganimizda ham, olgan ma’lumotlarimga ko‘ra, sayohatim har doimgidek o‘zgacharoq bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Ammo bu galgi taassurotlarim o‘sha “o‘zgacha” degan qolipga ham sig‘madi.
Vetnam deganda ko‘z oldimizga issiq, nam havo, motorollerlar shovqini kelsa, Dalat shaharchasi bu tasavvurga muloyim tabassum bilan qarshi turadi. Shahar nomi, ehtimol, mahalliy lati qabilasi bilan bog‘liqdir, shuning uchun “Lat qabilasining daryosi” degan ma’noni anglatar. Bu nomning o‘ziyoq Dalat tabiat bilan qanchalik uyg‘un ekanini aytib turibdi.
Dalat tabiati Vetnamning odatiy manzaralaridan keskin farq qiladi. Bu yerda tog‘lar, qarag‘ay o‘rmonlari va salqin havo bor. Go‘yo Osiyo bilan Yevropaning orasida qolib ketgandek shaharni tasavvur qilasiz.
Biz bu yerga tongda yetib kelganimiz uchun qiziq manzarani ko‘rdik: tuman tepaliklar ustiga yotib olgan, sharsharalar yashillik orasiga berkinib yotgandi.

Dalat Vetnamning markaziy baland tog‘lik qismida joylashgan. Dengiz sathidan taxminan 1500 metr balandlikda. Shuning uchun bu yerda havo boshqacha yumshoq, ba’zan esa tumanli. Hatto iyulda ham issqiroq kiyim kerak bo‘ladi. Vetnamdaya... Ha, bu yerda hayot qoidalari bir oz boshqacha. Yana Dalatda sukut bor. Katta shaharlarga xos asabiylik yo‘q. Odamlar shoshilmaydi, ko‘chalar motoroller ovozidan emas, shamol va qushlar tovushiga to‘lib turadi.

Dalat shunchaki tomosha qilish uchun emas, qalbdan his qilish uchun mo‘ljallangan shahar. U baland ovoz bilan taassurot qoldirmaydi, lekin insonni ichi-ichidan o‘zgartiradi. Shuning uchun bu shaharni eslab qolish oson, unutmoq esa qiyin.
Fransuzlar qoldirib ketgan xotira
Dalatni XX asr boshlarida fransuz mustamlakachilari kurort sifatida rivojlantirgan. 1887-yilda fransuz shifokori va tadqiqotchisi Aleksandr Yersen bu hududning toza, salqin havosiga e’tibor qaratgan va aynan shu yerda kurort qurish g‘oyasini ilgari surgan. Shu sabab shaharda Yevropa uslubidagi villalar, cherkovlar, keng bog‘lar ko‘p. Ayrim ko‘chalardan o‘tsangiz, bir zumga Parij atrofidagi kichik shaharchada yurgandek bo‘lasiz.

Mahalliy relefi tepaliklar, vodiylar, ko‘llar, sharsharalardan tashkil topgan. Bizga yo‘lboshlovchining aytishicha, bu yerga fransuz sayyohlar ko‘proq tashrif buyurisharkan, nega, sababi ular bu yerda yashab o‘tgan ota-bobolari haqidagi xotiralarni eshitishni yaxshi ko‘risharkan.
Gullar shahri
Dalatni “Gullar shahri” deb atashadi. Bu tasodif emas. Bu yerda atirgullar, lola, xrizantema, orxideya — nimani istasangiz, shu o‘sadi. Issiqxona xo‘jaligi juda rivojlangan. Vetnamning yarim gullari shu yerda yetishtiriladi desak, xato bo‘lmaydi. Hatto Dalatda gullar festivali o‘tkaziladi, shahar o‘sha kunlari chiroyli rangu turli iforlardan “charchab” ketadi. Shahar iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligi va turizmga tayanadi.

Sevishganlar shahri
Dalatni “sevishganlar shahri” ham deyishadi. Balki tumanli kechalari, balki ko‘l bo‘yidagi sokin sayrlar sabab. Bu yerga yangi turmush qurganlar, ijodkorlar, yolg‘izlikda o‘y surishni istaganlar ko‘p keladi.
Osmonga osilib turgan yo‘l
Dalat atrofidagi eng ko‘p muhokama qilinadigan joylardan biri bu shisha ko‘prik. U yashil vodiy ustida muallaq osilib turganday tuyuladi. Oyoq ostida mutlaq shaffoflik, atrofda esa tog‘lar, qarag‘ayzorlar va tushga yaqin ko‘tariladigan tuman.

Ko‘prik, albatta, turistlar yurib o‘tishi uchun qurilgan. Lekin u sizga yana bir narsani beradi: tabiatga yuqoridan, hech qanday panjarasiz, ortiqcha bezaklarsiz qarash imkoni. Ilk qadamlar har doim taranglik bilan boshlanadi, miya “qo‘rqinchli, bo‘lmaydi” deydi, oyoq esa baribir olg‘a yuradi. Birozdan keyin qo‘rquv o‘rnini qiziqish, so‘ng esa yengillik va erkinlik hissi egallaydi. Qisqasi, bu ko‘prik odamning o‘zi bilan qilgan kichik muzokarasi.
Sukuti bilan hayratga soladigan Budda
Dalatda shunday joy borki, u yerda shahar shovqini to‘satdan uzilib qoladi. Bu mashhur Van Xan ibodatxonasi. U yerda balandligi 24 metr bo‘lgan, qo‘lida lotus guli tutib turgan ulkan Oltin Budda (Shakyamuni) haykali bor. Bu haykal Dalatning o‘ziga xos ramzlaridan biri hisoblanadi.

Ibodatxonaga 1952-yilda asos solingan. U o‘zining an’anaviy sharqona me’morchiligi, ajdaho haykallari va chiroyli bog‘lari bilan ajralib turadi. Ibodatxonaning o‘ng tomonida qadimiy ashyolar, toshlar va kvarsdan ishlangan rasmlar ko‘rgazmasi joylashgan kichik muzey bor.
Ibodatxona tepalikda joylashgan, u yerdan Dalat shahrining va atrofdagi fermer xo‘jaliklarining chiroyli manzarasi tomosha qilishingiz mumkin.

Bu joy muqaddas hisoblangani uchun tizzalar va yelkalarni yopib turuvchi kiyimda bo‘lish talab etiladi. Ibodatxona ichiga kirishda poyafzal yechiladi.
Loydan yaratilgan shahar
Loy qishlog‘i Dalatdagi eng g‘ayrioddiy ochiq osmon osti muzeylaridan biri. Bu yerda shahar tarixi so‘z bilan emas, loydan qilingan shakllar orqali aytiladi. Uylar, ko‘chalar, odamlar qiyofasi hammasi loydan. Go‘yo vaqt shu yerda to‘xtab qolgandek.
Majmuaning eng mashhur qismi “Muhabbat chehralari” deb nomlangan erkak va ayolning bir biriga qaragan ulkan yuzlari, orasidan esa odamlar o‘tib, ich-ichidan nimadir niyatini aytib o‘tadi.
Bu installyasiya nafaqat ko‘lami, balki yaqinlik, ishonch va insonlar orasidagi bog‘liqlik ramzi sifatida ham diqqatni tortadi.

Loy qishlog‘i shovqinli taassurot emas, balki sekin yurib, mayda detallarga e’tibor qaratishingizni istaydigan maskan.
Dalatda yana bir uylar bor ular inglizchasiga «crazy house» deyiladi:

Qahva... ta’mdan ko‘ra hikoya ko‘proq
Dalat atrofi qahva plantatsiyalari bilan mashhur. Bu yerda tayyorlanadigan arabika qahvasi Vetnamning eng sifatli qahvalari qatorida. Dalatning yana bir “faxri” qulupnay haqida aytib o‘tsam: qulupnayli shirinliklar, murabbo, hatto qulupnayli qahva ham bor. Ha, ha, biz uni sinab ko‘rdik.
Vetnamda lyuvak qahvasini sizga ekzotika sifatida taklif qilishadi, Dalatda esa u haqda aytib berishni juda yoqtiradilar. Uni musang deb ataladigan jonivor “tanlab” yeydi: eng pishgan qahva mevalari, tabiiy fermentatsiya, keyin qayta ishlash. Hidida shokolad, yong‘oq, yengil karamel seziladi, achchiqlik deyarli yo‘q. Lekin rostini aytish kerak: turistik plantatsiyalarda lyuvak deb ko‘proq afsona sotiladi, noyoblik emas.
Ana fil qahvasi esa boshqa gap. Bu juda kam uchraydigan, qimmat va sekin ichiladigan qahva. Donalar fil organizmida fermentatsiyadan o‘tadi. Hidi yerning hidini beradi, chuqur, kakao va quritilgan mevalarni eslatadi.

Hikoyamni oxirlab qoldi deb o‘ylashga shoshilmang. Dalatda popkorn hidli ayiqcha-mushukni uchratib qolganimni aytish esdan chiqib qolay debdi.
Pop-korn hidli hayvon...
Bu shahar meni mana shu “mo‘’jiza” bilan ham shokka tushirdi! Ko‘z oldingizga keltiring: ko‘rinishidan kichkina qora ayiq polvon, yuzi xuddi mehribon mushuk, lekin o‘zidan xuddi kinoteatrda o‘tirganingizdek yangi pishgan popkorn (makkajo‘xori bodroqchalari) hidi keladi! Bu jonzotning ismi Binturong. Eng qiziqlarini aytaymi, uning “beshinchi qo‘l”i bor, ya’ni dumi shunchalik kuchliki, bemalol daraxtda osilib, meva yeyishi mumkin. Xuddi “Maugli” kinosidagi hayvonlardek!
U “parfyumer” hayvon, ishonasizmi, unga yaqinlashsangiz, dimog‘ingizga issiqqina yorilgan makkajo‘xori donachalarining hidi uriladi. Tabiat qanday qilib bunday “ifor” yaratganiga haligacha aqlim bovar qilmayapti! Xulqiga kelsak, juda vazmin, uyquchi va nihoyatda yuvosh. Uni meva bilan mehmon qilsangiz, siz bilan “do‘st” bo‘lib qoladi.

Maboda yo‘lingiz tushib Dalatdagi Puppy Farm yoki An Phu fermalariga borsangiz, albatta shu “mushuk-ayiq”ni izlab toping. Uni nafaqat ko‘rish, balki “hidlash” uchun ham borish kerak.
Sayohat kundaligimga yozdim: “Vetnam, sen odamlarni hayratlantirishdan to‘xtamaysan-a!”
Sitorabonu Hotamova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter