Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Volkswagen Germaniyadagi to‘rtta zavodini yopishi mumkin

Volkswagen Germaniyadagi to‘rtta zavodini yopishi mumkin

Germaniyaning yirik avtomobilsozlik konserni Volkswagen xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha yanada keskin rejani tayyorlamoqda. BILD nashrining yozishicha, kompaniya dunyo bo‘ylab mavjud 657 ming ish o‘rnidan kamida 100 mingtasini qisqartirishi mumkin.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, konsern Germaniyadagi Emden, Hannover, Svikkau hamda Audi’ning Nekkarzulm shahridagi zavodlarini yangi modellar ishlab chiqarish dasturidan chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu esa kelajakda ushbu ishlab chiqarish maydonlarining faoliyati to‘xtatilishiga olib kelishi mumkin.

Xususan, Emden va Svikkaudagi zavodlarda yangi avtomobillar ishlab chiqarish 2031 yilga borib to‘liq to‘xtashi mumkin. Yangi modellar ishlab chiqarish Chexiya va Slovakiyadagi korxonalarga ko‘chirilishi rejalashtirilgan.

Hannoverdagi zavod 2032-yildan keyin yangi loyihasiz qolishi mumkin. Nashrning yozishicha, ushbu ishlab chiqarish Polshaning Poznan shahridagi zavodga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Audi kompaniyasining Nekkarzulm shahridagi zavodi ham xavf ostida. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2034-yildan keyin Audi A8 modelining vorisini aynan shu yerda emas, balki Leypsigda ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

BILD ta’kidlashicha, bunday qarorlarga Germaniyada ishlab chiqarish xarajatlarining yuqoriligi hamda Yevropa bozoridagi ortiqcha quvvatlar sabab bo‘lmoqda. Hozirda Volkswagen Yevropa bozori ehtiyojidan taxminan 500 ming dona ortiq avtomobil ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Shu bilan birga, zavodlarda ishlab chiqarishni saqlab qolish imkoniyati ham mavjud. Agar ular 2027-yil iyuniga qadar xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirishga erishsa, kompaniya boshqa yechimlarni ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirgan.

Germaniyaning eng yirik sanoat kasaba uyushmalaridan biri – IG Metall esa ehtimoliy yopilishlarga qarshi chiqishini ma’lum qildi.

«Agar bunday rejalar amalga oshirilsa, biz ularga barcha imkoniyatlarimiz bilan qarshilik ko‘rsatamiz», – dedi kasaba uyushmasi rahbari Kristiane Benner BILD nashriga bergan izohida.

Hozircha Volkswagen mazkur ma’lumotlar yuzasidan rasmiy bayonot bermagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring