Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

JSTga a’zolik O‘zbekistonni qanday o‘zgartiradi: yangi bozorlar, arzon import va kuchli raqobat

JSTga a’zolik O‘zbekistonni qanday o‘zgartiradi: yangi bozorlar, arzon import va kuchli raqobat

O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti — JSTga a’zo bo‘lish uchun arizani 1994-yilda topshirgan. Ammo muzokaralar uzoq vaqt sust kechib, jarayon 2020-yildan boshlab yana faol bosqichga o‘tdi.

Hozir JSTga 166 davlat va alohida bojxona hududi a’zo. Ular hissasiga jahon savdosining qariyb 98 foizi to‘g‘ri keladi. Shu sabab tashkilotga kirish O‘zbekiston uchun shunchaki xalqaro maqom emas, balki asosiy savdo hamkorlari bilan yagona va oldindan ma’lum qoidalar asosida ishlash imkoniyatini anglatadi.

Hukumat O‘zbekistonning JSTga to‘laqonli a’zoligini 2026-yilda rasmiylashtirishni maqsad qilgan. Biroq aniq sana hali belgilanmagan: a’zolik barcha muzokaralar yakunlanishi va JST a’zolarining umumiy roziligiga bog‘liq.

O‘zbekiston muzokaralarning qaysi bosqichida?

2026-yil 9-martda Jenevada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 12-yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda davlat korxonalari, texnik tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, intellektual mulk hamda qishloq xo‘jaligi kabi masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekistonning majburiyatlari aks ettiriladigan Ishchi guruh hisoboti loyihasiga 62 ta band kiritilgan. Bu avvalgi tahrirdagi 56 ta majburiyatdan ko‘p. Demak, muzokaralar yakuniga yaqinlashgani sari mamlakat zimmasiga oladigan aniq shartlar ham oydinlashmoqda.

2026-yil mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning bozorlarga kirish bo‘yicha 30 ta ikki tomonlama kelishuvi JST kotibiyatiga topshirilgan. Ular orasida Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Ekvador, Paragvay va Urugvay bilan imzolangan so‘nggi bitimlar ham bor.

Prezident huzurida 2026-yil 6-mayda o‘tkazilgan taqdimotda esa jami 33 davlat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani ma’lum qilindi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining iyun oyidagi hisobotiga ko‘ra, yana uch davlat bilan muzokaralar davom etayotgan edi.

Bu ikki tomonlama muzokaralarda har bir davlat O‘zbekiston bozoriga tovar va xizmatlarini qanday shartlarda olib kirishi, O‘zbekiston mahsulotlari esa ularning bozorida qanday rejimdan foydalanishi kelishib olinadi.

Shu bilan birga, ko‘p tomonlama muzokaralar ham yakunlanishi kerak. Ularda O‘zbekistonning ichki qonunchiligi va savdo siyosati JST qoidalariga qay darajada mosligi baholanadi.

A’zolik import bojlarini butunlay bekor qiladimi?

JSTga kirish barcha import bojlari bir kunda nolga tushiriladi, degani emas.

O‘zbekiston har bir tovar toifasi bo‘yicha boj stavkasining eng yuqori chegarasini muzokara qiladi. JSTda bu «bog‘langan stavka» deb ataladi. Davlat amalda undan pastroq boj qo‘llashi mumkin, ammo kelishilgan chegaradan yuqori stavka joriy etishi qiyinlashadi.

JSTning o‘zi ham bojlarni pasaytirish uchun barcha davlatlarga bir xil foiz yoki yagona me’yor belgilamaydi. Har bir mamlakatning tarif majburiyatlari alohida muzokaralar asosida shakllantiriladi.

Shuning uchun a’zolikdan keyin avtomobil, maishiy texnika, dori-darmon, oziq-ovqat yoki kiyim-kechak narxi aynan qancha arzonlashishini hozirdan aytish mumkin emas. Bu O‘zbekiston qabul qiladigan yakuniy tarif jadvali, logistika xarajatlari, soliqlar va ichki bozordagi raqobatga bog‘liq bo‘ladi.

Biroq import bojlari ayrim tovarlar bo‘yicha pasaytirilsa, xorijiy mahsulotlar narxi tushishi va ularning turi ko‘payishi mumkin. Bu iste’molchi uchun tanlovni kengaytiradi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun esa raqobatni kuchaytiradi.

Mahalliy korxonalar uchun asosiy sinov — raqobat

JSTga a’zolikdan eng katta bosimni yuqori bojlar, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar yoki davlat ko‘magi hisobiga ishlab kelgan korxonalar sezishi mumkin.

Import arzonlashsa, mahalliy ishlab chiqaruvchi endi mahsulotini faqat bojxona himoyasi hisobiga sota olmaydi. U sifatni oshirish, tannarxni kamaytirish, energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tish va mehnat unumdorligini ko‘tarishga majbur bo‘ladi.

Bu, ayniqsa, avtomobilsozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallari kabi yo‘nalishlarga ta’sir qilishi mumkin. Ammo aniq ta’sir har bir soha bo‘yicha kelishilgan o‘tish davri va tariflarga bog‘liq.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda davlat korxonalariga beriladigan ko‘makni shaffoflashtirish, uni bosqichma-bosqich qisqartirish va xususiy biznes bilan teng raqobat muhitini yaratishni tavsiya qilmoqda. JST doirasida ham davlat korxonalari, subsidiyalar va bozordagi imtiyozlar asosiy muzokara mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, JST mahalliy sanoatni himoya qilish imkoniyatlarini butunlay yo‘q qilmaydi. Importning keskin o‘sishi yoki demping holatlarida himoya, antidemping va kompensatsiya choralarini qo‘llash mumkin. Lekin bunday qarorlar aniq dalillar, ochiq tekshiruv va JST qoidalariga asoslanishi shart bo‘ladi.

Eksportchilar nimadan yutadi?

A’zolik O‘zbekiston tovarlariga dunyoning barcha bozorlarida avtomatik ravishda bojsiz rejim bermaydi. Biroq eksportchilar JST a’zolari tomonidan kamsitilmaslik va eng qulay savdo rejimi asosida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eng muhim o‘zgarish — qoidalarning oldindan ma’lum va nisbatan barqaror bo‘lishidir. Savdo hamkori O‘zbekiston mahsulotiga asossiz cheklov qo‘ysa, masalani JST mexanizmlari orqali ko‘tarish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Bu to‘qimachilik, meva-sabzavot, oziq-ovqat, charm-poyabzal, kimyo, elektrotexnika va xizmatlar eksporti uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin. Biroq xalqaro bozorga kirishning o‘zi yetarli emas. Mahsulot sifat, xavfsizlik, qadoqlash, kelib chiqish va sertifikatlash talablariga javob berishi kerak.

2025-yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetdi. Eksport 33,8 milliard, import esa 47,4 milliard dollarni tashkil etdi. Mamlakat 210 ta davlat bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan.

2026-yilning birinchi choragida tashqi savdo aylanmasi 18 milliard dollar bo‘ldi. Eksport 5,8 milliard dollarni, import esa 12,2 milliard dollarni tashkil qildi. Bu raqamlar O‘zbekiston uchun eksportni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.

Sertifikat va bojxona jarayonlari o‘zgaradi

JSTga tayyorgarlikning oddiy tadbirkor uchun eng sezilarli natijalaridan biri bojxona va sertifikatlash jarayonlarining soddalashishi bo‘lishi mumkin.

2026-yil mayidagi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda majburiy sertifikatlash talab qilinadigan tovarlar ro‘yxatidan 747 ta pozitsiya chiqarilgan. Natijada ro‘yxat 27 foizga qisqargan. Oziq-ovqat mahsulotlariga oid 14 ta texnik reglament ham bekor qilingan.

Yuqori xavfli mahsulotlar uchun byurokratik davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi o‘rniga sertifikatlash tizimi joriy etilgan. Oziq-ovqat xavfsizligi ustidan nazorat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga o‘tkazilgan.

Bu talablarning bekor qilinishi nazorat umuman yo‘qoladi, degani emas. Aksincha, tizim har bir tovarni oldindan ma’muriy ruxsatdan o‘tkazishdan xavfni baholash, mahsulotni kuzatib borish va ilmiy asoslangan nazoratga o‘tishi kerak.

Eksportchilar uchun ham sanitariya, veterinariya va fitosanitariya talablariga muvofiqlik muhimlashadi. Masalan, meva-sabzavot yoki oziq-ovqat eksport qiluvchi korxona mahsulotning qayerda yetishtirilgani, qanday qayta ishlangani va xavfsizligi haqida ishonchli ma’lumot taqdim etishi talab qilinadi.

Qonunchilikda qancha o‘zgarish bo‘ldi?

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil mart holatiga milliy qonunchilikning 180 dan ortiq hujjati JST talablariga muvofiqlashtirilgan. Ishchi guruhning 11- va 12-yig‘ilishlari oralig‘ida 19 ta normativ-huquqiy hujjat qayta ko‘rib chiqilgan.

2026-yilgi davlat dasturi doirasida yana 20 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilish rejalashtirilgan. Ularning asosiy qismi tashqi savdo, subsidiyalar, texnik tartibga solish, sanitariya choralari, intellektual mulk va bozordagi raqobatga taalluqli.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tahliliga ko‘ra, 2017-yildan keyin O‘zbekistonda o‘rtacha bojxona tarifi qariyb ikki baravar qisqargan. Aralash va murakkab boj stavkalari foizli stavkalarga almashtirilgan, ko‘p tovarlar uchun eksport ruxsatnomalari bekor qilingan va bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirilgan.

Intellektual mulk sohasida ham tovar belgilari, patentlar, mualliflik huquqi va geografik ko‘rsatkichlarni himoya qilish kuchaytirilmoqda. Bu mahalliy brendlarni xorijda himoya qilish imkonini kengaytirishi bilan birga, litsenziyasiz dasturlar, qalbaki mahsulotlar va brendlardan noqonuniy foydalanishga qarshi talablarni ham qat’iylashtiradi.

Qishloq xo‘jaligiga qanday ta’sir qiladi?

Qishloq xo‘jaligi JST muzokaralarining eng murakkab yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda import bojlari bilan birga davlat subsidiyalari, eksportni qo‘llab-quvvatlash va ichki narxlarga aralashuv masalalari ham muhokama qilinadi.

O‘zbekiston fermerlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi mumkin. Ammo subsidiyalar shaffof hisoblanishi, JSTga ma’lum qilinishi va savdoni asossiz buzmasligi kerak bo‘ladi.

Ichki bozorda chetdan keladigan oziq-ovqat mahsulotlari ko‘payishi mumkin. Bu iste’molchiga ko‘proq tanlov beradi, ammo raqobatbardoshligi past xo‘jaliklarga bosim o‘tkazadi.

Ayni paytda meva-sabzavot, quritilgan mahsulotlar, to‘qimachilik xomashyosi va qayta ishlangan oziq-ovqat eksporti uchun bozorlar kengayishi mumkin. Bu imkoniyatdan foydalanish uchun fermer va korxonalar mahsulot xavfsizligi, saqlash, logistika va xalqaro sertifikatlarga sarmoya kiritishi lozim bo‘ladi.

Xizmatlar bozori ham ochiladimi?

JST muzokaralari faqat tovarlar bilan cheklanmaydi. Bank, sug‘urta, telekommunikatsiya, transport, logistika, turizm, savdo va professional xizmatlar bozoriga kirish shartlari ham kelishiladi.

Bu sohalarga xorijiy kompaniyalar kirishi xizmat sifati va raqobatni oshirishi mumkin. Biroq ular uchun bozor to‘liq va bir vaqtda ochilishi shart emas. O‘zbekiston qaysi sohada qanday cheklovlarni saqlab qolishi, xorijiy kapital ulushi va o‘tish muddatlarini muzokara jarayonida belgilaydi.

Kuchli xorijiy kompaniyalar kirib kelishi mahalliy biznesni raqamlashtirish, boshqaruvni yaxshilash va xizmatlar sifatini oshirishga undaydi. Samarasiz kompaniyalar esa bozordagi ulushini yo‘qotishi mumkin.

Oddiy aholi nimani his qiladi?

Iste’molchi uchun asosiy o‘zgarishlar tovarlar tanlovining kengayishi, ayrim import mahsulotlarining arzonlashishi va sifat standartlarining kuchayishi bo‘lishi mumkin.

Biroq narxlar darhol va barcha tovarlar bo‘yicha tushmaydi. Bojdan tashqari qo‘shilgan qiymat solig‘i, transport, saqlash, valyuta kursi, chakana savdo ustamasi va ichki raqobat ham yakuniy narxga ta’sir qiladi.

Ish bozorida ham ikki xil jarayon kuzatilishi mumkin. Eksportbop va samarali tarmoqlar yangi ish o‘rinlari yaratadi. Raqobatga tayyor bo‘lmagan, yuqori xarajat bilan ishlaydigan korxonalar esa qisqarish yoki qayta tashkil etishga majbur bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun JSTga kirishdan oldin kasbga qayta tayyorlash, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish, eksportchilarga sertifikat olishda ko‘maklashish hamda ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.

A’zolikning o‘zi iqtisodiy o‘sishni kafolatlamaydi

JSTga kirish O‘zbekistonga tayyor eksport bozori, avtomatik investitsiya yoki arzon tovarlarni kafolatlab bermaydi. Tashkilot, avvalo, savdo uchun barqaror va shaffof huquqiy muhit yaratadi.

Natija esa mamlakat bu imkoniyatdan qanday foydalanishiga bog‘liq bo‘ladi. Bojxonadagi korrupsiya, qimmat logistika, energiya ta’minotidagi uzilishlar, kredit resurslarining yuqori narxi va malakali kadrlar yetishmasligi saqlanib qolsa, formal a’zolikning samarasi cheklangan bo‘ladi.

Aksincha, xususiy mulk himoyasi, sud mustaqilligi, teng raqobat, shaffof subsidiyalar va samarali bojxona tizimi ta’minlansa, JSTga a’zolik eksportni diversifikatsiya qilish va investitsiyalarni jalb etishga xizmat qilishi mumkin.

JSTga qo‘shilish jarayonini yakuniy manzil emas, balki iqtisodiyotni xalqaro raqobatga tayyorlash vositasi sifatida ko‘rish to‘g‘riroq. O‘zbekiston uchun asosiy savol tashkilotga qachon kirish emas, balki a’zolikdan keyingi raqobatga davlat, biznes va mehnat bozori qay darajada tayyor ekanida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring