Termizda narkotikni ichki a’zosida olib kirgan Afg‘oniston fuqarosi qo‘lga olindi
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi.
Jumladan, Denov tumanida 1980 yilda tug‘ilgan, avval narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxsning yashash xonadoni tekshirilganda, u sotish maqsadida 1 kg 7 gramm «opiy» va 998 gramm «gashish» saqlab kelayotgani aniqlangan.
Tumanning yana bir hududida 1986 va 1966 yillarda tug‘ilgan, muqaddam narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan ikki nafar fuqaro 491 gramm «gashish» moddasini shartli xaridorga 85 million so‘mga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi holat Termiz shahrida ham qayd etildi. 2003 yilda tug‘ilgan Afg‘oniston fuqarosi «Termiz xalqaro savdo markazi» hududida 506 gramm «opiy» moddasini shartli xaridorga 2,5 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Tekshiruv davomida u narkotik moddani qo‘shni davlatdan yashirincha olib kirishda ichki a’zosidan «jonli konteyner» sifatida foydalangani aniqlangan.
Hozirda har uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter