1-noyabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston qonunchiligida joriy yil 1-noyabrdan boshlab qator yangi tartib va amaliyotlar joriy etiladi.
Jumladan, 2025-yilning 1-noyabridan:
- o‘tkazish punktlari orqali harakatlanayotgan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining mobil ilovasi amaliyotga joriy etiladi;
- o‘rmon fondi yer maydonlari alohida muhofaza etiladi va ularning toifasini o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
- Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning a’zolari;
- muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
- ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.
Bunda majburiy zaxiralash:
- xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur;
- xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.
- ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi.
Bunda:
- ishsizlik nafaqasi so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida to‘lanadi;
- 1-oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi;
- 2- va 3- oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan so‘ng qo‘shimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.
- malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olish uchun «kasb vaucheri» berish tartibi joriy etiladi.
«Kasb vaucheri» ssuda sifatida beriladi.
Shaxs o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashganidan so‘ng ssudani 2 yil davomida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qaytaradi.
- Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi tarkibida Korporativ etika bo‘yicha komissiya tashkil etiladi.
Quyidagilar komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi, jumladan:
- yuridik shaxslarga, xususan, xo‘jalik jamiyatlariga korporativ etika masalalari bo‘yicha tavsiyalar berib borish;
- korporativ etikani buzishga oid nizolarni hal etish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatib borish.
- ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra sud-ekspertiza tashkilotlarida ekspertiza o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (Yagona portal) jismoniy shaxslarning belgilangan shaxsga doir ma’lumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi. Bunda:
- jismoniy shaxsning Yagona portaldagi shaxsga doir ma’lumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi;
- ushbu ma’lumotlar Yagona portalning mobil ilovasidan foydalangan holda ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur ma’lumotlarning qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi.
- davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat qilinganda pensioner, homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bilan kelgan fuqaroga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyoz beriladi;
- jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) ro‘yxatdan o‘tkazishda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) tartibi yo‘lga qo‘yiladi;
- davlat xizmatlari markazlariga Yagona portal orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.
- mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali YaIDXP (Yagona portal)dagi pulli elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
- davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
- transportga gaz baloni o‘rnatilganligiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.
- «Raqamli startaplar» dasturi va (yoki) Markaziy bankning «tartibga solish qumdoni»da ishtirok etuvchi startap loyihalarga Raqamli ma’lumotlar platformasidan 1 yilgacha bepul foydalanish imkoniyati beriladi.
- O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini olgan IT-park rezidentlarining xorijiy mutaxassislari uchun masofadan bank hisobvaraqlari hamda virtual bank kartalari ochishga ruxsat beriladi.
- Kompaniya tomonidan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi:
- tadbirkorlarni «chempion» tadbirkor toifasiga olib chiqishga ko‘maklashish uchun ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalariga tijorat banklari orqali 10 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratish uchun resurs joylashtirish;
- kichik tadbirkorlik sub’yektlarining ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va «yashil» iqtisodiyot yo‘nalishidagi mikroloyihalariga tijorat banklari tomonidan 500 mln so‘mgacha ajratilgan kreditlarni quyidagi shart va hollarda qayta moliyalashtirish;
- ajratilgan kreditning foiz stavkasini 6 foizgacha, biroq Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkagacha kamaytirish;
- kamida 1 yil faoliyat yuritgan va 2 nafar xodimi bo‘lgan tadbirkorlarining 5 ta va undan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutgan loyihalariga taqdim etish.
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maqbullashtiriladigan boshqaruv shtat birliklari soni tasdiqlandi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari:
- sohaga oid bo‘lmagan vazifalarning qisqartirilishi va faoliyatiga raqamli texnologiyalarning joriy etilishini;
- ma’lumotlarni qayta ishlash hamda sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni ishga tushirish uchun texnik infratuzilma yaratish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida mazkur yo‘nalishdagi ustuvor loyihalar amalga oshirilishini;
- sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyati rivojlantirilishini ta’minlab boradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter