Bolalar huquqlari va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni himoya qilish kuchaytirildi
Prezident tomonidan bolalar huquqlarini yanada mustahkamlash va tazyiq hamda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun imzolandi.
Hujjat bilan 2 ta kodeks va 4 ta qonunga muhim o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunga muvofiq, «bolaning eng ustun manfaatlari» tamoyili Oila kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi va «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi qonunlarga kiritildi. Mazkur tamoyil BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq bo‘lib, bolaga oid barcha qarorlarda uning manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishni nazarda tutadi.
Shuningdek, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari jabrlanganlar manfaatlarini ko‘zlab davlat bojini to‘lamasdan sudga murojaat qilish va ularning huquqlarini sudda himoya qilish vakolatiga ega bo‘ladi.
Endilikda reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan jabrlanuvchilarning ish joyi (lavozimi) saqlab qolinadi. Shuningdek, ularga bir oygacha mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirish uchun huquqiy asos yaratildi.
Bu orqali tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan tegishli nafaqalar tayinlanishi hamda ularning og‘ir hayotiy vaziyatda daromadsiz qolishining oldi olinishi belgilandi.
Qonun bilan davlat boji bo‘yicha imtiyozlar ham kengaytirildi. Endi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tashkilotlar ham fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
Ma’lum qilinishicha, 2024–2025 yillar va 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida «Inson» markazlari tomonidan sudlarga 1 413 ta ariza kiritilgan. Yangi qonun mazkur toifadagi shaxslarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter