Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Odil sudlov – 2030» strategiyasi tasdiqlandi: nimalar o‘zgaradi?

«Odil sudlov – 2030» strategiyasi tasdiqlandi: nimalar o‘zgaradi?

Prezidentning PF–160-son, 14-avgustdagi farmoni bilan «Odil sudlov – 2030» strategiyasi tasdiqlandi. Hujjat Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiladigan xalqchil va adolatli sud tizimini shakllantirishga qaratilgan.

Strategiya «Sudlar — xalqchil va adolatli odil sudlov qo‘rg‘oni va Yangi O‘zbekistonning haqiqat ustuni» shiori asosida ishlab chiqilgan. Islohotlar sudlar faoliyatining ochiqligi, inson huquqlari ustuvorligi, sud qarorlari sifati va sudyalar korpusini takomillashtirishga yo‘naltiriladi.

Farmonga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan hududlararo sudlar tashkil etiladi. Ularning yurisdiksiya hududi bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladi.

2027-yil 1-iyuldan tergov sudyasiga protsessual majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha iltimosnomalarni ko‘rib chiqishda qo‘shimcha vakolatlar beriladi.

U shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini tekshiradi. Shubha tug‘ilgan hollarda tergov sirini ta’minlagan holda qo‘shimcha hujjatlar talab qilishi mumkin.

2027-yil 1-avgustdan Oliy sud Rayosati tomonidan yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi qarorlarni ochiq e’lon qilish va yangilab borishga qaratilgan «Pretsedentlar» reyestri joriy etiladi.

Strategiyada islohotlarni amalga oshirishning 6 ta ustuni belgilangan: «Xalqchil sud», «Adolat qo‘rg‘oni», «Kafolatlangan adolat», «Adolat posbonlari», «Raqamli odil sudlov» va «Xalqaro e’tirof».

Bundan tashqari, 2027-yil yakuniga qadar Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali — «my.sud.uz»ning yangilangan mobil ilovasi ishga tushiriladi. Portalda «Sudga murojaat namunalari» interaktiv xizmati ham takomillashtiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring