O‘zbekistonda sud-huquq sohasidagi islohotlar: muvaffaqiyatlar va dolzarb vazifalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib bergan, kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlarini aniq belgilab bergan dasturiy siyosiy hujjat sifatida katta ahamiyatga ega.
Ushbu Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, jamiyatda adolat mezonlarini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani yana bir bor qat’iy ta’kidlandi.
Prezident tomonidan sud-huquq sohasida ilgari surilgan taklif va tavsiyalar nafaqat davlat organlari, balki butun jamiyat oldiga mas’uliyatli vazifalarni qo‘yadi. Zero, adolatli va mustaqil sud hokimiyatisiz demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish mumkin emas. Shu ma’noda, Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat qurishning strategik yo‘l xaritasi vazifasini bajaradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sud-huquq tizimini isloh qilish, odil sudlovning sifati va samaradorligini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. “Sud idorasiga murojaat qilgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonishi kerak”, degan tamoyil davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlari oliy qadriyat sifatida mustahkamlanib, sud organlarini fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil institut sifatida rivojlantirish muhim vazifa etib belgilandi. Konstitutsiyaning 136-moddasida sudyalarning mustaqilligi, ularning faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunishi kafolatlandi.
Prezident Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirish yo‘lida “raqamli sud” konsepsiyasi joriy etilmoqda. Sud va tergov jarayonlarini raqamlashtirish, jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan tortib ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali inson omilini qisqartirish, shaffoflikni ta’minlash va inson huquqlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yurtimizda tergov sudyalari institutining joriy etilishi xalqaro tan olingan “Habeas corpus” tamoyilini amalda mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi. 2026 yildan e’tiboran tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlarining berilishi shaxs erkinligi kafolatlarini yanada oshiradi. Shuningdek, jinoyat protsessiga “xalq vakillari hay’ati” institutini bosqichma-bosqich joriy etish sud qarorlarining adolatliligi va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezident Murojaatnomasida giyohvandlik, uyushgan jinoyatchilik, iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlar, oilaviy zo‘ravonlik kabi tahdidlarga qarshi kurashda sud-huquq tizimining vazifasi alohida ta’kidlandi.
Korrupsiya esa, davlat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq sifatida baholanib, unga qarshi kurashishda qat’iy choralar belgilandi. Barcha idoralarda komplayens va ichki nazorat tizimlarining joriy etilishi, “qonun oldida hamma teng” tamoyilini amalda ta’minlash sud-huquq tizimining nufuzini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda jahonda sud-huquq tizimini rivojlantirishda raqamlashtirish, sun’iy intellektdan foydalanish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish kabi tendensiyalar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar aynan shu global trendlar bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi bilan ahamiyatlidir.
Davlat rahbarining Murojaatnomada keltirgan taklif va tavsiyalari hamda muhim fikrlaridan kelib chiqib, bugungi kunda sud-huquq tizimida dolzarb vazifalar qatoriga sudyalar ixtisoslashuvini yanada chuqurlashtirish, sun’iy intellekt asosida ishlarni adolatli taqsimlash, sud hujjatlarini avtomatlashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, sudni “oxirgi va eng ishonchli instansiya” sifatida qaror toptirish kabi masalalarni kiritish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmunan chuqur, aniq va natijaga yo‘naltirilgan xarakterga ega. Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar sud-huquq tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Odil sudlov qaror topgan, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda fuqarolarning davlatga ishonchi mustahkamlanadi, tadbirkorlik va investitsiya muhiti yaxshilanadi, mamlakatning xalqaro nufuzi ortadi. Demak, sud-huquq sohasidagi islohotlarni izchil va qat’iy davom ettirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim va ajralmas sharti hisoblanadi.
Sherzod Zokirov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter