Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«MICE» tadbirlari tashkilotchilariga QQSning yarmi qaytariladi

«MICE» tadbirlari tashkilotchilariga QQSning yarmi qaytariladi

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-iyuldagi 373-son qarori bilan ishbilarmonlik turizmini rivojlantirish bo‘yicha yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etildi. Unga ko‘ra, «MICE» turizmi tadbirlarini tashkil etuvchi tadbirkorlarga respublika budjetiga haqiqatda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi qaytariladi.

Imtiyoz xalqaro konferensiyalar, forumlar, ko‘rgazmalar, biznes uchrashuvlari, rag‘batlantiruvchi safarlar hamda boshqa «MICE» tadbirlarini tashkil etuvchilarga tatbiq etiladi. Bunda tadbir O‘zbekiston hududida o‘tkazilgan bo‘lishi, kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchi qatnashishi, tashkilotchi amaldagi litsenziyaga ega bo‘lishi va nizomda belgilangan talablarni to‘liq bajarishi shart.

QQSni qaytarish uchun tadbir yakunlanganidan so‘ng uch oy ichida Turizm qo‘mitasiga Milliy turizm yagona platformasi orqali murojaat qilinadi. Qo‘mita hujjatlarni ko‘rib chiqib, elektron xulosa tayyorlaydi.

Shundan keyin QQS hisoboti topshirilgach, yana uch oy ichida «Soliq» mobil ilovasi yoki «my.soliq.uz» portali orqali QQSni qaytarish bo‘yicha ariza yuboriladi.

Jarayon Soliq qo‘mitasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Ma’lumotlar davlat axborot tizimlari bilan integratsiya asosida tekshiriladi va ijobiy qaror qabul qilinganda mablag‘ tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Qaytariladigan mablag‘ ikki ko‘rsatkichning eng kam qiymati asosida hisoblanadi. Bular — budjetga haqiqatda to‘langan QQSning 50 foizi hamda «MICE» tadbirini tashkil etish bilan bevosita bog‘liq xarajatlar bo‘yicha hisobga olingan QQSning 50 foizidir.

«MICE» tadbirlari — bu ishbilarmonlik turizmining muhim yo‘nalishi bo‘lib, uchrashuvlar (Meetings), rag‘batlantiruvchi safarlar (Incentives), konferensiyalar (Conferences) va ko‘rgazmalarni (Exhibitions) o‘z ichiga oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring