Xo‘jayev: Rossiya va O‘zbekiston 50 mlrd dollarlik 400 ta qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda
Jamshid Xo‘jayev Rossiya bilan hamkorlik doirasida 400 dan ortiq loyiha amalga oshirilayotganini va savdo hajmi 11 milliard dollardan oshganini ma’lum qildi.
Rossiya va O‘zbekiston hududlari kengashi ikkinchi majlisida so‘zlagan nutqida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ikki davlat hamkorligi barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonning 14 ta viloyati va Rossiyaning 50 tadan ziyod hududlari o‘rtasida doimiy do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlik portfeli 200 tadan ortiq loyihani qamrab olgan.
Xodjayev sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
“O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida 3 mingtadan ziyod qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. 2000–2024 yillar davomida Rossiyaning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalari 20 milliard dollarga yetdi. Hozirgi vaqtda esa umumiy qiymati 50 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 400 tadan ziyod qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda”, — dedi Xo‘jayev.
So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch barobarga oshgan. 2024 yakunlariga ko‘ra u 11 milliard dollardan ortiqni tashkil etgan. Savdo tuzilishida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushi ortib borayotgani qayd etildi.
Xo‘jayevning ta’kidlashicha, elektron tijorat hajmi ham tez sur’atlarda o‘smoqda. Hozirgi kunda barcha hududlarda “Yandeks Market”, “Wildberries” va “Ozon” kabi onlayn savdo maydonchilari faoliyat yuritmoqda.
“2024 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston mahsulotlarining ’Wildberries’ orqali sotuv hajmi 600 million dollarga yetgan, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda”, — dedi u.
Turizm sohasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Agar 2018 yilda O‘zbekistonni 380 ming rossiyalik turist tashrif etgan bo‘lsa, 2024 yilning yanvar–sentyabr oylarida bu ko‘rsatkich 750 ming nafardan ortiqni tashkil etgan.
Shuningdek, Rossiya oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi 15 ta filialida 7,5 mingga yaqin o‘zbekistonlik talabalar tahsil olayotgani ta’kidlandi.
“Asosiy ustuvor yo‘nalish — talab yuqori bo‘lgan muhandis va texniklarni tayyorlash uchun dual ta’limni joriy etish. Dual dasturlarni ishga tushirishni birgalikda ishlab chiqish, tayyorgarlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va korxonalarda amaliyot modellarini muvofiqlashtirishni taklif qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Jamshid Xo‘jayev.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter