O‘zbekistonda AI–chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi ishga tushadi
Hukumatning 202-son qarori bilan 2026–2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirishga qaratilgan kompleks choralarni o‘z ichiga oladi.
Dastur doirasida «Onlayn-mahalla» platformasi va «mahalla yettiligi» orqali aholi muammolari tahlil qilinib, ularga qonuniy yechimlar beruvchi sodda media materiallar tayyorlanadi. Bu materiallar annotatsiya, video, infografika va bukletlar ko‘rinishida taqdim etiladi.
Yil yakunida fuqarolar murojaatlari asosida «TOP-100 huquqiy tavsiya» to‘plami shakllantiriladi. Shuningdek, yangi qonunlar mutaxassislar ishtirokida intervyu va podkastlar orqali tushuntirilib, «Adliya TV»da joylashtiriladi.
Dasturda zamonaviy texnologiyalarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, qurilish sohasida qonunchilikni tushuntiruvchi AI-chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi yaratiladi.
Ushbu ilova orqali foydalanuvchilar interaktiv o‘yinlar, testlar va videolar yordamida bilim olishi mumkin. Shu bilan birga, noqonuniy qurilish holatlari haqida xabar berish imkoniyati ham yaratiladi.
Bundan tashqari, «Advice.uz» va «Gender-madad» platformalari takomillashtiriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda «sovrinli viktorinalar» o‘tkazish orqali aholining huquqiy bilimlari oshiriladi.
Dastur doirasida bolalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirishga ham katta e’tibor berilgan. Huquqiy videoroliklar ishlab chiqilib, keng targ‘ib qilinadi.
Shuningdek, «Oilani asrang – zo‘ravonlikni to‘xtating!» shiori ostida ijtimoiy chellenjlar va roliklar tanlovi tashkil etiladi. Ta’lim muassasalarida «Huquqiy bilimlar oyligi» o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, dasturda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun tegishli davlat organlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi hamda har chorakda Adliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter