O‘zbekistonda ayrim fuqarolarga avia, temiryo‘l va avtobus chiptalari uchun imtiyozlar beriladi
2026 yil 1 oktyabrdan boshlab urush nogironlari va ishtirokchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan fuqarolarga havo, temiryo‘l va shaharlararo avtobus transportida bepul yoki 50 foiz chegirma asosida chiptalar beriladi.
Imtiyozli chiptalar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimidagi ma’lumotlar asosida rasmiylashtiriladi. Buning uchun fuqarolardan faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjat — ID-karta yoki biometrik pasport talab etiladi.
Imtiyozli toifadagi shaxsga transport turiga qarab quyidagi chiptalardan biri taqdim etiladi:
- havo transportida — ekonom tarifi bo‘yicha chipta;
- temiryo‘l transportida — ekonom, platskart yoki kupe joylariga chipta;
- shaharlararo avtobuslarda — bepul yoki 50 foiz chegirmali chipta.
2027 yil 1 yanvardan boshlab ushbu toifadagi fuqarolarga avia, temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalarini «Ijtimoiy karta» (Baraka) mobil ilovasi orqali ham bepul yoki imtiyozli shartlarda xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Imtiyozli transport xizmatlari bilan bog‘liq xarajatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Davlat budjeti hisobidan qoplab boriladi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan qariyb 50 ming nafar fuqaroga 4,3 mlrd so‘mlik imtiyozli yo‘l chiptalari taqdim etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter