«Binoyidek ish»: QR kod bilan to‘lov atrofida boshlangan mashmashalar
Ijtimoiy tarmoqlarda yilning oxirgi kunlarida hokimlik, soliq va mahalla idoralari xodimlarining yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni yoppasiga «Paynet Xolis» ilovasini o‘rnatishga majburlash kampaniyasi ketayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Gap shundaki, joriy yilning 12-avgustidagi PQ-247-son qaror bilan 2026-yil 1-yanvardan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda raqamli platformalarda generatsiya qilingan elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi chakana savdo qoidalarining majburiy talabi etib belgilanishi va maxsus QR-kod mavjud emasligi nazorat-kassa texnikasini va (yoki) hisob-kitob terminallarini qo‘llamaslikka tenglashtirilishi aytilgan.
Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirovning yozishicha esa, «2025-yil 1-noyabrdan boshlangan va 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun maxsus huquqiy rejim bo‘yicha qarorda faqat Paynet to‘lov tashkiloti shu ish bilan shug‘ullansin degan joyi yo‘q.»
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, mazkur qarorning 9-bandida tegishli vazirlik va idoralarga ikki oy muddatda maxsus huquqiy rejim doirasida «raqamli platformalar operatorlarining so‘rovi bo‘yicha ushbu qarorda nazarda tutilgan davlat va moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishi uchun «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali mavjud ma’lumotlar, haq to‘lamasdan va to‘siqlarsiz» taqdim etib borilishini ta’minlash topshirilgan. Ya’ni yuqoridagi xizmatni O‘zbekistonda mavjud istalgan to‘lov operatori ko‘rsatishi mumkin.
«Lekin amalda Paynet’dan boshqa bironta bank yo to‘lov tashkiloti negadir bu ishga qo‘l urmadi (yoki yaqinlashtirilmadi). Natijada, yo‘q joydan navbatdagi yasama monopolistni qabul qilib olmoqdamiz va eng xunugi – joylarda bu bo‘lajak monopolist uchun butun mahalliy byurokratiya xizmat qilmoqda», – deb yozadi Bakirov.
«Fayzbog‘» telegram kanali murojaatchisi tuman soliq inspeksiyasidan telefon kilib, unga ushbu ilovadan ro‘yxatdan o‘tmagan taqdirda, 1,3 mln so‘m jarimaga tortilishi haqida ogohlantirganini aytadi.
«Na ro‘yxatdan o‘tish majburiy ekaniga, na shtraf qilinishiga qonuniy asos berishyapti. Ayrim soliqchilar xalq orasida tushuntirish ishlarini o‘tkazmay, eski usulda qo‘rqitish bilan majburlashyapti», – deya murojaatchi nomidan imtibos keltiradi kanal egasi.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev aytmoqchi obro‘sizlantirilayotgan «binoyidek ish»ni tashkil qilish, hujjatga muvofiq, Adliya vazirligi va Soliq qo‘mitasining zimmasida. Ushbu idoralarga 2025-yil 31-dekabrga qadar tadbirkorlik sub’yektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar reyestrlari raqamli platformalarga integratsiya qilinishini hamda yakka tartibdagi tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida masofaviy ro‘yxatdan o‘tish uchun texnik imkoniyat yaratilishini ta’minlashi lozim.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, PQ-247-son qarorga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar raqamli platformalar orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-kodga ega bo‘lishi shart, xolos. Qaysi to‘lov tashkiloti yoki ilova orqali bu amalga oshirilishi haqida esa qarorda hech qanday cheklov yo‘q.
Hujjatning 9-bandi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu xizmatni O‘zbekistondagi istalgan to‘lov operatori ko‘rsatishi mumkinligi va davlat idoralari barcha operatorlar uchun ma’lumotlarni tekin va to‘siqlarsiz taqdim etishi shart ekanligini ko‘rsatadi.
Ammo amalda faqat Paynet Xolis ilgari surilyapti, mahalliy idoralar (soliq, hokimlik, mahalla) qonuniy asosi bo‘lmagan holatda majburlash va jarima bilan qo‘rqitish usulini qo‘llayapti. Bu esa sun’iy monopoliyani shakllantirishga xizmat qiladi.
Qolaversa, Adliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan raqamli integratsiya va ochiq raqobatni ta’minlash vazifasi amalda bajarilmayapti.
Bu holat esa «binoyidek ish»ni boshlab bergan qaror mazmuniga zid bo‘lib, raqobat tamoyillarini buzadi hamda tadbirkorlar huquqlarini poymol qiladi.
Ma’lumot uchun, mazkur hujjatga muvofiq, raqamli platformalar orqali berilgan xarid cheklariga nisbatan qonunchilikda belgilangan jismoniy shaxslarga sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining 1 foizini qaytarish tartibi qo‘llanilmaydi. Shuningdek, yuqoridagi tartib soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan elektron platformaga ega agregatorlar orqali yo‘lovchilarni tashish hamda buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish xizmatini amalga oshiruvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter