Fermerlarga dizel yoqilg‘isi uchun subsidiya beriladi
Adliya vazirligi tomonidan Qishloq xo‘jaligi korxonalari birja savdolari orqali xarid qilgan dizel yoqilg‘isi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilovchi vaqtinchalik nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga muvofiq, paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha birja savdolari orqali xarid qilgan dizel yoqilg‘isi narxi bir tonnasi uchun 13 million so‘mdan oshgan taqdirda, ortiqcha qiymatning 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan subsidiya sifatida qoplab beriladi.
Yangi tartibning muhim jihati shundaki, fermerlar subsidiya olish uchun alohida ariza topshirmaydi. Mablag‘lar proaktiv, ya’ni avtomatik tartibda ajratiladi.
Subsidiyadan foydalanish uchun dizel yoqilg‘isi faqat birja savdolari orqali xarid qilingan bo‘lishi lozim. Shuningdek, fermerning ekin maydonlari va ekin turlari «Agroportal» axborot tizimiga kiritilgan bo‘lishi shart.
Xarid qilingan dizel yoqilg‘isi agrotexnologik xaritada belgilangan aprel–iyun oylaridagi agrotexnik ishlar uchun sarflangan bo‘lishi ham talab etiladi.
Subsidiya miqdori «Agroportal» ma’lumotlari asosida avtomatik hisoblanadi. Hisoblangan mablag‘lar vakolatli agentlik tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga uch ish kuni ichida o‘tkaziladi.
Nizomda texnik nosozliklar yoki ma’lumotlar almashinuvidagi uzilishlar ham inobatga olingan. Agar fermer haqidagi ma’lumotlar agentlikka yetib bormasa, u yozma ravishda yoki «Agroportal» orqali elektron shaklda murojaat qilish huquqiga ega.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter