Ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan kechiktirganlarga yangi tartib joriy etilyapti
Prezidentning «Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–265-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida bir qator yangi tartiblar joriy etiladi.
Jumladan, mulkdor ko‘chmas mulkni belgilangan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilmagan taqdirda, unga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga ro‘yxatdan o‘tkazish muddati qancha kechiktirilganiga qarab, oshirilgan stavkada davlat boji undiriladi.
Shuningdek, xususiy mulk huquqidagi turar joy meros yoki yaqin qarindoshidan hadya tariqasida olingan bo‘lsa, uni sotishdan olingan daromadni soliqdan ozod qilish uchun belgilangan muddat endi meros qoldiruvchi yoki hadya qiluvchining mazkur uyga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab hisoblanadi.
Yana bir muhim yangilikka ko‘ra, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyga ham garovga oluvchining roziligisiz yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat beriladi. Biroq ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxs mulkdor yoki vakolatli organ murojaat qilgan taqdirda, uning ro‘yxatdan o‘tganligi bekor qilinishiga oldindan rozilik bildirishi shart.
Mazkur o‘zgarishlar davlat xizmatlarini soddalashtirish, aholi uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirish hamda mulkiy munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter