Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Odamlar nima deydi?”: Romitandagi fojea ortidagi og‘riqli haqiqat

“Odamlar nima deydi?”: Romitandagi fojea ortidagi og‘riqli haqiqat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukm jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otdi. Sudlanuvchi M.N. 22 yoshli talaba, ikki nafar voyaga yetmagan farzandning onasi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25- va 97-moddasi 2-qismi «a, v» bandlari bilan ikki nafar ojiz ahvoldagi (voyaga yetmagan) shaxsni qasddan o‘ldirishga suiqasd qilishda ayblangan.

Buxoro viloyati sudi sudyasi Nozimjon Jo‘rayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, M.N.ga nisbatan sud hukmi bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sud hujjatlarida bayon etilishicha, M.N. 2020 yilda dastlab, fuqaro F.B.ga turmushga chiqqan. O‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli u bilan ajrashgan. Ota-onasining uyiga qaytib kelgach, 2021 yilda bir nafar o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 2022 yilda u Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumanida yashovchi fuqaro I.T. bilan internet orqali tanishib, u bilan shar’iy nikoh qurgan. 2023 yilda yana bir nafar o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. Ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan shar’iy nikohdagi erining uyida yashayotgan M.T. yana turmushning achchiq sinovlariga duch kela boshlagan. O‘zi va farzandlarining I.T. tomonidan kamsitilib kelingan ayol uning durtqi-surtqilariga ham sabr bilan chidashga majbur bo‘lgan. M.T. bora-bora, iqtisodiy tang ahvolda ham qola boshlagan. I.T. na ayoliga, na farzandlariga e’tibor ko‘rsatmagan, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlamagan. Bir muddat ota-onasining xonadoniga qaytgan M.T. oradan ko‘p o‘tmay, singlisidan ikkinchi turmush o‘rtog‘ining boshqa bir ayolga uylanish va Toshkendagi xonadonini sotish taraddudiga tushayotganini eshitgan. Ilk turmushidan ro‘shnolik ko‘rmagan M.T. ikkinchi turmushining ham jar yoqasiga tushib qolayotgani, ota-onasiga «yuk» bo‘lib, farzandlarini boqishga qiynalayotgani, hayot tashvishlaridan charchaganini his qilgani bois, o‘zi va farzandlarining joniga suiqasd qilish payiga tushgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, M.T. joriy yilning fevral oyida ham Toshkentda yashab kelayotgan vaqtida dori ichib, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Afsuski, bu gal u hech ikkilanmay, o‘ziga qo‘shib, norasida go‘daklarining ham joniga suiqasd qilishga kirishgan.

U shu maqsadda Buxoro tumani, «Bog‘ikalon» MFY, «Yuzon» qishlog‘idan oqib o‘tuvchi suv to‘la holatidagi eni 5-6 metr, chuqurligi 2 metr bo‘lgan «G‘oziobod» kanaliga avvaliga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarini tashlab yuborib, keyin ortidan o‘zini ham shu kanalga tashlab yuborgan.

«Men otamga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtotransport vositasini yuvish maqsadida katta kanal bo‘yiga kelgandim. Shu paytda kanalning narigi tarafi bo‘ylab, bir begona ayol ikki nafar farzandi bilan o‘tib ketishdi. Men hayron qoldim. Aslida, bu tomonga juda kamdan-kam holatdagina begona odam o‘tadi. Balki, ular boqqa borishayotgandir, degan o‘y ham o‘tdi yuragimdan. Ammo, ayolning qadam tashlashlari bejo, g‘alati edi. Ayolni kuzatib turdim. Shu topda menga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Telefondagi suhbatdoshimga ham, negadir, shu haqda gapirib berayotgandim, ne tongki, ayol ham yonidagi bolalari ham bir pasda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Shubhalandim. Men katta ariqning boshqa tarafi, yetmaganiga suv oqimiga qarama-qarshi tarafda emas edim. O‘z-o‘zimdan oyoqlarim yugurib ketyapti, go‘yoki, ona va bolalarini qidirishga. Ularni suvga g‘arq bo‘lishganini ko‘rmayotgan bo‘lsam-da, allanechuk ko‘nglim sezdimi, shu ko‘yi hozirgina telefonda gaplashib turganim tanishimga yana qo‘ng‘iroq qildim. Ogohlantirdim. Ichim yonardi, o‘zim sezmagan holda. Ko‘p o‘tmay, shu yaqin manzilda joylashgan qishlog‘imizning bir nechta odamlari ham baqir-chaqir qilib chiqa boshlashdi. Odamlar shiddatli suvda bir cho‘kib, bir tipirchinlab oqib kelayotgan bir nafar voyaga yetmagan bolani qutqarib qolishga ulgurishibdi...»,-deydi sudga guvohlik bergan fuqaro A.R.

O‘zi ham suvda suzishni bilmagan M.T. esa shoshqin suv to‘lqiniga dosh berolmay, amallab kanal bo‘yiga chiqqan. Suvda big‘illab kelayotgan 2 yoshar o‘g‘lining joniga achishib, uni onaning o‘zi qutqarib qolgan. Bir pasda odamlar to‘planishib, ikki nafar voyaga yetmagan bola hamda onani qutqarib qolib, zudlik bilan ichki ishlar profilaktika inspektori hamda «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilishgan.

«Erim tashlab ketdi, bu turmushimdan ham baxt topolmadim, odamlar nima deydi? Men hech kimga kerak emasman, bolalarim ham hech kimga kerak emas, shu sababli o‘zimni va bolalarimni suvga tashlab o‘ldirmoqchi bo‘ldim...”,-deya takror-takror yig‘lab gapirgan, chinqirgan, baqirgan.

Tasodif tufayli yordam bergan fuqarolarning aralashuvi bilan ona va bolalar tirik qolgan. Bolalar nafas yetishmovchiligi va sovuqqa chalinish bilan shifoxonaga yotqizilgan.

M.T. esa sudda o‘z aybini inkor etgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u hayotdan bezib, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, ammo, farzandlarini o‘ldirish niyati bo‘lmagan. Shu bilan birga, u hodisa vaqtida hushida bo‘lganini va bolalarini suvga tushib ketganini aniq eslay olmasligini aytgan.

Biroq, sud-tergov jarayonlari guvohlar va tibbiy ekspertiza xulosalari, shuningdek videotasvirlar va hodisa joyini ko‘zdan kechirish dalillari u avval farzandlarini, keyin esa o‘zini suvga tashlaganini aniqlagan.

Psixiatriya ekspertizasi ham o‘z xulosasida sudlanuvchi hodisa vaqtida aqli raso bo‘lganini, o‘z qilmishini anglay olganini bayon etgan. Demak, M.T. qilmishining oqibatini anglay olgan holatda o‘z xatti-harakatini amalga oshirgan. «Odamlar nima deydi?»-degan go‘yoki yoqimsiz e’tiqodga aylanib qolgan ong ostida o‘zini va farzandlarini bir vaqtda halokatga olib borib, turmush mushtlaridan qochishning yagona yo‘lini tanlagan. To‘g‘ri, bu ayolning jinoyatini oqlamaydi.

Biroq, aytish joizki, bu voqea oilaviy zo‘ravonlik, ruhiy salomatlik xizmati va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimidagi kamchiliklar hali hanuz «yashab» kelayotganini anglatadi. Atrofdagilar (mahalla ko‘y, yaqinlari, oilasi va boshqalar) M.T.ning bor-yo‘g‘i, 22 yoshida har ikki turmushida ham chigalliklarga, oilaviy zo‘ravonlikka duch kelib, qiyinchiliklar orasida yashab kelayotganidan xabardor bo‘lishgan. Tumanlar miqyosida mahalla fuqarolar yig‘inlari, qolaversa, profilaktika organlari, «Yettilik» degan «tushunchalar» va boshqalar bunday holatlarni oldindan aniqlash va aralashish mexanizmlariga ega emas. Romitandagi bu ish faqat bir oilaning fojiasi emas, balki, u yashab kelayotgan muhit, mahalla va jamiyat uchun ogohlantiruvchi signalga o‘xshaydi.

Har bir sud hukmi bilan tanishib, uni o‘qir ekanmiz, har doim «aybdor jazolandi» degan fikr bilan cheklanib qolamiz. Darhaqiqat, sud o‘z hukmini chiqardi: M.T. 4 yilga qamaldi.

Aslida, jinoyatchi emas, jinoyat qurboniga aylanib qolayotgan bu ojiza shu 4 yil umrini temir chambara ortida yashab o‘tishga mahkum.

Albatta, sud qarorlari jinoyatning oqibatini belgilaydi. Ammo, jinoyatning sabablariga yechim topish esa keng jamoatchilikning ishi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring