O‘zbekiston — Portugaliya o‘yini kuni Toshkent metrosi ish vaqti uzaytiriladi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati doirasidagi navbatdagi muhim uchrashuvi 23 iyun kuni soat 22:00 da boshlanadi.
Shu munosabat bilan poytaxtning turli hududlarida futbol ixlosmandlarining harakatlanishi sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda jamoat transporti xizmatlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash maqsadida «Toshkent metropoliteni» DUK tomonidan metro poyezdlari harakati vaqti qo‘shimcha bir soatga uzaytiriladi.
Shunga ko‘ra, 23 iyun kuni metropoliten yo‘lovchilarga tungi soat 01:00 ga qadar xizmat ko‘rsatadi. Bu haqda metropoliten ma’muriyati xabar bermoqda.
Yo‘lovchilardan safarlarini oldindan rejalashtirish hamda metropoliten xizmatlaridan foydalanishda belgilangan xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish so‘ralmoqda.
Eslatib o‘tamiz, milliy terma jamoaning bundan avvalgi, Kolumbiyaga qarshi o‘yini 18 iyun kuni bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuv ertalab soat 07:00ga to‘g‘ri kelganligi sababli barcha davlat tashkilotlarida ish kuni soat 10:00 dan boshlangandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter