O‘zbekistonda voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasidagi narkoqaramlikka qat’iy barham beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish hamda prokuror nazoratini raqamlashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda narkojinoyatchilik butun insoniyat uchun yangi global xavf-xatarga aylanayotgani qayd etildi. Tahlillarga ko‘ra, dunyoda 400 milliondan ortiq odam bu illatga duchor bo‘lgan, uning oqibatida yiliga 300 mingga yaqin odam vafot etyapti.
Afsuski, mazkur illat mamlakatimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Yil boshidan 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolindi. Bunday jinoyatlarning shakl va turlari yildan yilga ko‘payib, qamrovi ortib borayotgani narkojinoyat va giyohvandlikka qarshi kurashishni kompleks ravishda tashkil qilish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanini ko‘rsatmoqda.
Yig‘ilishda sohadagi mavjud salbiy tendensiyalar tahlil qilindi.
Jumladan, keyingi paytlarda iste’moli oson, yashirish va tarqatish qulay dori shaklidagi psixotrop va sintetik moddalar an’anaviy narkotiklar o‘rnini egallamoqda, ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida yuz bermoqda, sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz shaklda o‘tkazilmoqda, narkotiklarni tarqatish manbasi bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik transchegaraviy xususiyatga ega.
– Shu bois, milliy qonunchiligimizga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti keldi, – dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilar narkotiklarning noqonuniy aylanishiga barham berish bo‘yicha reja va takliflarini taqdimot qildi. Jumladan, aholi salomatligi va millat genofondini ushbu xavfdan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar hamda mexanizmlar taklif sifatida kiritildi.
Bunda o‘quvchi va talabalar orasida narkotiklarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda bu illatga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan ta’sirchan amaliy harakatlarni amalga oshirishni barcha mas’ul organlar va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash zarurligi alohida qayd etildi.
Birinchi navbatda, yoshlar orasida narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qat’iy barham berish hamda yoshlarga nisbatan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlikni og‘irlashtirish, narkotiklarni internet orqali tarqatish, uyushgan guruhlar va narkolaboratoriyalar, ularga rahnamolik qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash va chek qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlar orasida giyohvandlikning diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Taqdimotda 100 dan ziyod tezkor-profilaktik, tashkiliy-tarbiyaviy, targ‘ibot-tashviqot chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi loyihasi davlat rahbari tomonidan ma’qullandi hamda bu borada uzluksiz ishlash tizimini joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Manba: president.uz


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter