Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik askarni qutqargan britaniyalik oila vakillariga «Do‘stlik» ordeni topshirildi

O‘zbekistonlik askarni qutqargan britaniyalik oila vakillariga «Do‘stlik» ordeni topshirildi

Joriy yil 1-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qaroriga muvofiq, Buyuk Britaniya fuqarolari – marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan edi. Ular Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlar konslageridan qochgan o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovning hayotini saqlab qolgan. 

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov Jersi oroliga tashrif buyurib, mukofotni marhum oilaning farzandlari – Dalsi va Alan Le Bretonlarga tantanali ravishda topshirgan.

Taqdirlash marosimi Dalsi Le Breton davolanayotgan «Cheval Roc» qariyalar uyida bo‘lib o‘tdi. Unda muassasa rahbariyati, mahalliy aholi, «Jersey Heritage» tashkiloti vakillari hamda BBC, ITV va boshqa ommaviy axborot vositalari jurnalistlari ishtirok etgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan muassasa rahbari Nik Betani britaniyalik oilaning insonparvarligini yuksak baholagan O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirgan. U mukofotning Jersi oroli fashistlar istilosidan ozod etilganining 81 yilligi arafasida topshirilgani alohida ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etgan.

Dalsi va Alan Le Bretonlar ota-onalari xotirasini iliq so‘zlar bilan yodga olib, O‘zbekiston xalqiga samimiy minnatdorlik bildirgan. Ular fashizm butun insoniyat uchun tahdid bo‘lganini, g‘alaba esa xalqlarning birligi va o‘zaro yordami tufayli qo‘lga kiritilganini ta’kidlagan.

Shuningdek, ular Boqijon Akramov haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashib, oila a’zolari orasida «Tom amaki» nomi bilan tanilgan o‘zbek askari mehnatkashligi, kamtarligi va insoniy fazilatlari bilan qisqa vaqt ichida oilaning mehrini qozonganini so‘zlab bergan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida boshlangan ushbu voqea bugungi kunda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va insoniy qadriyatlarning ramziga aylangan. U BBC va Britaniyaning boshqa yetakchi ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritildi.

Ma’lumot uchun, Jersi – La-Mansh bo‘g‘ozida joylashgan Normandiya orollarining eng yirigi bo‘lib, 1940 yil iyul oyida fashistlar tomonidan bosib olingan. U yerda harbiy infratuzilma va yerosti bunkerlari barpo etilgan.

Oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Boqijon Akramov urush boshlangach, armiyaga safarbar etilgan va Ukraina frontiga jo‘natilgan. Janglardan birida nemis qo‘shinlari 12 ming sovet askarini qirib tashlagan. U kabi tirik qolganlar asir olingan va boshqa sovet askarlari qatori konslagerga jo‘natilgan.

1942-yil iyul oyida u ikki ming asir bilan birga Jersi oroliga olib kelinib, yerosti tunnellari qurilishiga jalb etilgan. Oylab davom etgan ochlik va og‘ir sinovlarga qaramasdan, Akramov asirlikdan qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Le Bretonlar oilasi esa hayotini xavf ostiga qo‘yib, qochqin askarga o‘z uyidan boshpana berib, uni deyarli uch yil davomida fashistlardan yashirib kelgan. 1945-yil may oyida Boqijon Akramov O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Jon va Fillis Emili Le Bretonlarning bu jasorati insonparvarlikning yorqin namunasi sifatida abadiy qadrlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring