Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning ikki qo‘shnisi bilan tutashgan chegarasida «Tinchlik parki» tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistonning ikki qo‘shnisi bilan tutashgan chegarasida «Tinchlik parki» tashkil etilishi mumkin

Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston chegaralari tutashgan hududda «Tinchlik parki»ni tashkil etish tashabbusi ilgari surilmoqda. Loyiha RESILAND CA+ dasturi maslahat qo‘mitasi yig‘ilishida hamda joriy yilgi Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha konferensiyasi doirasida muhokama qilindi.

Tashabbusga ko‘ra, chegaraoldi tabiiy hududlarni qo‘shma boshqarish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va barqaror ekotizimlarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Mutaxassislar fikricha, bu nafaqat tabiiy ofatlar xavfini kamaytiradi, balki mintaqada davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni ham mustahkamlaydi.

Yig‘ilishda, shuningdek, transchegaraviy landshaftlarni tiklash, tabiatga mos yechimlarni joriy etish va erta ogohlantirish tizimlarini yaratish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, o‘rmon yong‘inlari kabi xavf-xatarlarni oldindan aniqlash mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.

Qirg‘iziston vakillari mamlakat tabiiy xavflarga nisbatan yuqori darajada zaif ekanini qayd etdi. Xususan, hududda minglab ko‘chkilar, sel xavfi mavjud zonalar va xavfli baland tog‘ ko‘llari borligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar iqlimga bog‘liq ofatlar bo‘yicha onlayn-katalog yaratish masalasini ham muhokama qildi. Bu tizim orqali mintaqadagi davlatlar o‘zaro ma’lumot almashishi va favqulodda vaziyatlarda harakatlarni muvofiqlashtirishi mumkin bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunida tomonlar «Tinchlik parki» tashabbusini ilgari surish va Markaziy Osiyoda landshaftlarni uzoq muddatli tiklash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring