O‘zbekistonda yaqin qarindoshlarni bir manzilda ro‘yxatdan o‘tkazish yengillashtiriladi
O‘zbekistonda aholini yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjat fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada to‘liq ta’minlashni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga bog‘liq cheklovlar bekor qilinadi.
Xususan, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, aka-uka hamda opa-singillar bir-birining uy-joyiga ro‘yxatdan o‘tayotganda xonadon maydoni belgilangan me’yordan kam bo‘lsa ham, bu ro‘yxatdan o‘tishga to‘sqinlik qilmaydi. Bu oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni bir manzilda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini yengillashtirishi kutilmoqda.
Shuningdek, talabalar turar joylarida yashayotgan talabalar uchun alohida huquqiy mexanizm joriy etilishi taklif qilinmoqda. Ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda ham uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilmaydi.
Mazkur o‘zgarishlar oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq mavjud amaliy muammolarni bartaraf etishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter