Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqobat qo‘mitasi «Tashabbusli budjet»ga pulli ovoz berish reklamalaridan ogohlantirdi

Raqobat qo‘mitasi «Tashabbusli budjet»ga pulli ovoz berish reklamalaridan ogohlantirdi

Raqobat qo‘mitasi «Tashabbusli budjet» loyihasi doirasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan pul evaziga ovoz berish haqidagi reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi. Qo‘mita bunday takliflar amaldagi tartibga zid ekanini va fuqarolarni chalg‘itishi mumkinligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, «Tashabbusli budjet» loyihasi orqali fuqarolar o‘z hududidagi ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surishi va ovoz berishda ishtirok etishi mumkin. Biroq ovoz berish to‘liq ixtiyoriy bo‘lib, bu jarayon uchun hech qanday to‘lov yoki moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilmagan.

Qo‘mita o‘rganishlarida ayrim mashhur blogerlar uchinchi shaxslar manfaati uchun norasmiy «bot»lar orqali ma’lum to‘lov evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgani aniqlangan. Shuningdek, reklamalarda «rasmiy» degan so‘zlar hamda «Ochiq budjet» portali logotipiga o‘xshash belgilardan foydalanilgani fuqarolarni adashtirishi mumkinligi qayd etildi.

Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, «Tashabbusli budjet» jarayonida ovoz berish faqat «Ochiq budjet» axborot portali, uning Android va iOS mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, amaldagi qoidalarga muvofiq, ovoz berish uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi va ovoz bergan fuqarolarga moddiy rag‘batlantirish berilmaydi.

Qo‘mita norasmiy botlardan foydalanish yoki ular orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarga ishonish jarayonning shaffofligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, huquqiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini eslatdi.

Ma’lum qilinishicha, avvalgi monitoringlar davomida pul evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgan bir qator blogerlar aniqlangan. Ular orasida utkir_shodmonov (O‘tkir Shodmonov), Mominlive.1 (Abdurasul Ibroximov), Aslbek_emir (Amirov Asilbek) va jasjannew (Jasur Shodiyev) bor. Ularga nisbatan ogohlantirish va tushuntirish ishlari olib borilgan, tegishli choralar ko‘rilgan hamda qonunchilik talablariga zid reklamalar olib tashlangan.

Raqobat qo‘mitasi «Tashabbusli budjet» loyihasi doirasida monitoringlar davom ettirilishini, qonunbuzilish holatlari aniqlansa, vakolati doirasida tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring