Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda 7 kishi halok bo‘lgan «»gaz portlashi ishi» ortidan 4 kishi qamaldi

Samarqandda 7 kishi halok bo‘lgan «»gaz portlashi ishi» ortidan 4 kishi qamaldi

Joriy yilning 8 may kunidan 9 may kuniga o‘tar kechasi Samarqand shahar «Bog‘isaroy» MFY Spitamen ko‘chasida joylashgan uylarning birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan va unda, FVV dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, 6 nafar fuqaro (sudda vafot etganlar soni 7 nafar ekani aytildi, tahr.) vafot etgani aytilgan edi. 

«Zamon» dasturida ma’lum qilinishicha, mazkur hodisa ortidan ochilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahri sudida ko‘rib chiqildi. 

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil sentyabr-oktyabr oylarida Spitamen shohko‘chasi va 160-uy atrofidagi xonadonlarni gazlashtirish ishlari loyiha va texnik shartlarsiz amalga oshirilgan. Yollanma ustalar yordamida noqonuniy tarzda avtomobil yo‘li ostiga gaz quvuri yotqizilgan. Quvur tegishli xulosalarsiz va xavfsizlik qoplamasisiz yer ostiga tushirilgani hamda tarmoqqa noqonuniy ulangani aniqlangan. Natijada quvurda 7 ta teshik paydo bo‘lib, tabiiy gaz markaziy oqova qudug‘iga sizib chiqqani oqibatida portlash sodir bo‘lgan.

Portlash sodir bo‘lgunga qadar xonadon egalari gaz hididan bezovta bo‘lib, gaz idorasiga 11 marotaba murojaat qilgan. Biroq tashkilot mas’ullari bunga e’tiborsiz qarashgan.

Sudlanuvchi bo‘lgan «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali Samarqand shahri bo‘limi rahbari va 3 nafar xodimi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a, b» bandlarida (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odamlar o‘limiga va boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Ularga 3 yil davlat ishtirokidagi korxonalar va tashkilotlarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, portlashdan zarar ko‘rgan fuqarolar foydasiga gaz ta’minoti korxonasidan qariyb 6 mlrd so‘m undirish belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring