Shavkat Mirziyoyev MDH maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashi majlisi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi ish boshladi. Bu yilgi anjuman O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etilgan.
Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zi o‘qib eshittirildi. Davlat rahbari o‘z murojaatida mazkur Kengash majlislari terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va tajriba almashish uchun samarali maydonga aylanganini ta’kidladi.
Prezident Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdid solayotgan bir qator omillarga to‘xtalib, Afg‘onistondagi beqaror vaziyat, xalqaro terrorchi guruhlar faoliyati, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikni asosiy xavf manbalari sifatida qayd etdi.
Shu bilan birga, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va sun’iy intellektdan g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev global xavfsizlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratar ekan, mintaqa atrofida va Yaqin Sharqda kechayotgan nizolar barchani tashvishga solayotganini, bu holat iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirdi.
Qayd etilishicha, bu omillar jahon bozorida nosog‘lom raqobatning kuchayishi, energiya narxlarining o‘sishi va transport hamda energetika sohalaridagi yirik loyihalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilishiga sabab bo‘lmoqda.
Murojaat so‘ngida davlatimiz rahbari shunday murakkab geosiyosiy sharoitda MDHga a’zo davlatlar maxsus xizmatlari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy, energetika va kommunikatsiya tizimlarini barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter