Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent davlat yuridik universitetida dekanlarni saylash joriy etiladi

Toshkent davlat yuridik universitetida dekanlarni saylash joriy etiladi

Foto: Xabar.uz

Yuridik ta’lim va ilm-fan yanada isloh qilinadi.

“O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–232-son, 26.11.2025-y.) qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, quyidagilar yuridik ta’lim va ilm-fan rivojlanishida erishiladigan asosiy vazifalar etib belgilandi, jumladan:

- yuridik ta’lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;

- Toshkent davlat yuridik universitetining (Universitet) 2030 yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1 000 talik universitetlar ro‘yxatiga kirishini ta’minlash.

2026/2027 o‘quv yilidan Universitetda tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etiladi.

Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkaziladi. 2027/2028 o‘quv yilidan “Yurisprudensiya” yo‘nalishi mavjud boshqa davlat oliy ta’lim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Universitetda ta’lim – tadqiqot – amaliyot integratsiyasini ta’minlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karera markazlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar va ular tarkibida sho‘’balar tashkil etiladi.

Tadqiqot markazlari fakultetlar yo‘nalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat bo‘ladi, huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi. Shuningdek, fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi. Ular 2 o‘quv yiliga saylanadi hamda bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas.

Akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani o‘rinbosarlari hisoblanadi.

Sho‘’balar professor-o‘qituvchilar tarkibidan iborat bo‘lib, ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring