Toshkent viloyatida o‘tgan bir yilda 250 dan ziyod tadbirkorning huquq va manfaatlari tiklandi
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil devonining Toshkent viloyati hududiy sho‘’basi tomonidan tadbirkorlarning buzilgan huquqlarni tiklash hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan o‘tgan yil mobaynida kelib tushgan murojaatlardan 504 tasi belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilib 256 tasini qanoatlantirish orqali tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlari tiklanishi ta’minlandi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha murojaatda ko‘rsatilgan vakolatli organ mutxassislarini jalb etgan holda bevosita muallif bilan uchrashib yoki suhbatlashgan holda amaldagi qonunchilik talablari asosida tushuntirishlar berildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida tadbirkorlar manfaatlari doirasida moliyaviy masalalar ijobiy hal etildi, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlariga kredit mablag‘lari ajratilishi va mablag‘larni tiklash bilan bog‘liq holatlarda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Xususan, 6 ta holatda nazorat qiluvchi organning tadbirkor manfaatiga zid ravishda chiqargan qarori belgilangan tartibda bekor qilinib, 6,5 milliard so‘mdan ziyod pul mablag‘lari qaytarib berilishi, 23 milliard so‘mdan ziyod noto‘g‘ri hisoblangan qarzdorlik bekor qilinishi ta’minlandi.
Shuningdek kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozli kreditlarni ajratishni asossiz rad etish holatlari o‘rganilib 2,5 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli bank kreditlari ajratilishi ta’minlandi.
Toshkent viloyati hududiy sho‘’basi tomonidan amalga oshirilgan mazkur ishlar tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, davlat organlari faoliyatida qonuniylik va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter