Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyatidagi bolalar zaharlanishi ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi

Toshkent viloyatidagi bolalar zaharlanishi ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi

Bugun, 14-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudida 2025 yil sentyabr oyida Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyichirchiq tumanlarida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanishiga oid jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi.

Sud hukmiga muvofiq, 11 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan sanitariyaga oid qonunchilik yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topildi.

«Shark Milk Product» MChJ direktori, bosh texnologi va texnologiga 3 yil 6 oydan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Korxona ta’sischilari hamda texnolog yordamchisiga esa 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.

Shuningdek, mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq to‘rtta mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbarlari hamda «Shark Milk Product» MChJ laborantiga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Sud hukmi bilan barcha sudlanuvchilar muayyan huquqdan ham mahrum qilindi.

Taraflarga birinchi instansiya sudi hukmi ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent viloyati sudining apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish huquqi mavjudligi tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentyabr oyida Toshkent viloyatidagi bir qator davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi qayd etilgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jami 1 922 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ulardan 959 nafari sog‘lom deb topilgan, 269 nafari qisqa muddatli davolanishdan keyin uyiga javob berilgan, 694 nafar bola shifoxonalarda davolangan. Shulardan 13 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring