Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdagi onkologiya markazining 4 gektar hududida yashil bog‘ barpo etiladi

Toshkentdagi onkologiya markazining 4 gektar hududida yashil bog‘ barpo etiladi

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahar onkologiya markaziga tegishli 4,36 gektar hududda aholi uchun ochiq yashil bog‘ barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar bermoqda.

Markaz hududidagi binolar bo‘shatilgandan so‘ng, mazkur maydonning asosiy qismi ko‘kalamzorlashtirilib, shahar aholisi uchun ochiq jamoat makoniga aylantiriladi.

Shu bilan birga, ushbu hududda «Yoshlar shaharchasi» ham barpo etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, u bog‘ o‘rnini egallamaydi. O‘quv va ijodiy markazlar, kutubxona, kovorking maydonlari, simulyasiya ustaxonalari hamda startap-studiyalarni mavjud binolar ichida joylashtirish rejalashtirilgan.

Mavjud binolar saqlab qolinib, rekonstruksiya qilinadi va ta’limiy, ijodiy hamda ijtimoiy maqsadlarga moslashtiriladi.

Loyihada biznes-ofislar yoki boshqa tijorat obyektlarini qurish ko‘zda tutilmagan. Binolar atrofi obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi.

Natijada hudud yaqin atrofdagi mahallalar aholisi, yoshlar va barcha shaharliklar uchun ochiq jamoat maskaniga aylanishi kutilmoqda.

Loyihaning kelajakdagi ko‘rinishi aks etgan renderlar va taqdimot materiallari ham jamoatchilikka taqdim etildi.

Poytaxt ma’muriyati loyiha bo‘yicha savol va takliflarni muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring