Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Gruziyada Alisher Navoiy haykali tantanali ravishda ochildi

Gruziyada Alisher Navoiy haykali tantanali ravishda ochildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Tbilisi shahrida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, marosimda Alisher Navoiy nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun insoniyatning ma’naviy merosiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk adib ekani ta’kidlandi. Uning asarlari asrlar davomida insonparvarlik, ma’rifat, tafakkur va o‘zaro hurmat g‘oyalarini targ‘ib etib kelayotgani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, Navoiy ijodi bugun ham tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari hamda Sharq sivilizatsiyasiga qiziquvchilar uchun muhim bilim manbai bo‘lib qolmoqda.

Tbilisida Alisher Navoiy haykalining o‘rnatilishi O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy hamkorlik tarixidagi yana bir muhim qadam sifatida baholandi.

Qayd etilishicha, ikki xalqni azaldan savdo yo‘llari, do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalari bog‘lab kelgan. Bugungi kunda ham har ikki mamlakat bir-birining boy madaniy merosini yuksak qadrlaydi.

O‘zbekistonda buyuk gruzin shoiri Shota Rustaveli xotirasiga alohida ehtirom ko‘rsatiladi. Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri uning nomi bilan atalgan, shuningdek, unga haykal o‘rnatilgan. Joriy yilda esa Tbilisi markaziy bog‘laridan biriga Alisher Navoiy nomi berildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Tbilisida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari, Toshkentda esa Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Marosim ishtirokchilari Tbilisida qad rostlagan Alisher Navoiy haykali ikki xalq o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy yaqinlikning yorqin ramziga aylanishiga ishonch bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring