Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Niderlandiya muzeyidan o‘g‘irlangan Dakiya oltin dubulg‘asi topildi

Niderlandiya muzeyidan o‘g‘irlangan Dakiya oltin dubulg‘asi topildi

Foto: Drente muzeyi

Niderlandiyaning Assen shahridagi Drente muzeyidan 2025-yilda o‘g‘irlab ketilgan qadimiy Ruminiya oltin dubulg‘asi topildi. The Guardian nashrining yozishicha, o‘g‘rilar noyob eksponatni eritib sotib yuborgan bo‘lishi mumkin degan xavotirlar bor edi.

2,5 ming yillik tarixga ega oltindan yasalgan dubulg‘a va uchta bilaguzuk o‘tgan yilning yanvar oyida o‘g‘irlangan edi. Ushbu eksponatlar Niderlandiyadagi muzeyga «Dakiya: oltin va kumush imperiyasi» ko‘rgazmasi uchun vaqtincha olib kelingandi.

Drente muzeyi bosh direktori Garri Tupan sodir bo‘lgan o‘g‘rilikni «qora kun» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muassasaning 170 yillik tarixida bunday holat hech qachon kuzatilmagan. Ushbu hodisa Ruminiya va Niderlandiya o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlikni keltirib chiqardi, chunki dubulg‘a Ruminiyaning milliy xazinasi hisoblanadi.

2025 yilning sentyabr oyida Ruminiya o‘g‘irlangan artefaktlar uchun 5,7 mln yevro miqdorida tovon puli oldi. Agar eksponatlar topilsa, mamlakat ushbu mablag‘ni qaytarib berishi shartligi belgilab qo‘yilgan edi.

Assen politsiyasi o‘g‘rilik sodir etilganidan bir necha kun o‘tib gumonlanuvchilarni hibsga olgan, biroq ular dastlabki eshituvlarda ko‘rsatma berishdan bosh tortgan. Tergovchilar dubulg‘aning qayerdaligini ochiqlagani evaziga gumonlanuvchilardan biriga qamoq jazosini ikki baravar qisqartirishni taklif qildi. Boshqa bir sherigiga esa xazina yashirilgan joy haqidagi ma’lumot uchun 400 ming yevro va’da qilindi.

Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib, oltin dubulg‘a va ikkita bilaguzuk topildi. Uchinchi taqinchoqni qidirish ishlari davom etmoqda. Qayd etilishicha, artefaktlarga kichik shikast yetgan. Jinoyatchilar ustidan sud jarayoni shu yilning aprel oyi oxirida boshlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring