Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident: «Millatning ovozi uning madaniyati va san’ati bilan dunyoga eshitiladi»

Prezident: «Millatning ovozi uning madaniyati va san’ati bilan dunyoga eshitiladi»

Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida madaniyat, san’at va adabiyot sohasi xodimlarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Tadbir mamlakat madaniy hayotidagi muhim voqealardan biriga aylandi. Marosim davomida davlatimiz rahbari madaniyat va san’at sohasining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida to‘xtalib, millat qudrati faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki uning ma’naviyati, adabiyoti va san’ati bilan ham belgilanishini ta’kidladi.

Prezident o‘z nutqida xalqning dunyodagi obro‘si uning madaniyati bilan chambarchas bog‘liq ekanini qayd etdi.

– Qaysi millatning adabiyoti boy, musiqasi yurakka yaqin, teatri hayotiy, kinosi ta’sirchan, san’ati jozibador bo‘lsa, o‘sha xalqning ovozi dunyoda baland eshitiladi, – dedi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida inson qalbini tarbiyalaydigan ulkan ma’naviy muhit shakllantirilmoqda. Bu yo‘lda ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, kreativ industriya vakillarining o‘rni beqiyos ekani alohida urg‘ulandi.

Marosimda ijod ahlining fidokorona mehnati tufayli jamiyatda milliy ruh mustahkamlanayotgani, yoshlar qalbida vatanparvarlik, ezgulik va insonparvarlik tuyg‘ulari kuchayib borayotgani qayd etildi.

Prezident farmoniga muvofiq, bu yil madaniyat, san’at va adabiyot sohasining 167 nafar vakili yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida uzoq yillar xalq ma’naviyatiga xizmat qilgan yozuvchi va shoirlar, xonanda va bastakorlar, teatr va kino namoyandalari, baxshi va askiyachilar, rassom va hunarmandlar, muzey va kutubxona xodimlari hamda ustoz-murabbiylar bor.

Shuningdek, xalq qalbida ijodi va hayoti bilan mangu yashab kelayotgan 24 nafar madaniyat va san’at arbobi vafotidan so‘ng davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

– Hatto inson oramizda bo‘lmasa-da, uning xizmatlarini munosib e’tirof etish ham bizning ma’naviy burchimizdir, – dedi Prezident.

Marosim yakunida davlat rahbari mukofot sohiblariga orden, medal va faxriy unvonlarni tantanali ravishda topshirdi.

Mukofotlanganlar mamlakatda ijod ahliga qaratilayotgan yuksak e’tibor, madaniyat va san’atni rivojlantirish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring